Koronavirus pandemiyasi Amerikada iste’molchilarning yurish-turishida sezilarli o’zgarish yasadi. Ko’pchilik oziq-ovqat va uy-ro’zg’or buyumlarini g’amlab qo’yishga, mahsulotlarni onlayn xarid qilishga o’tgan.
Pandemiya davrida iste’molchilarning yurish-turishi o’zgargan. Ayrimlar oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarni g’amlab qo’yish uchun do’konga otlansa, boshqalar bu ishni uyidan turib qilmoqda.
“Category Partners” konsalting firmasi o’tkazgan tadqiqotga ko’ra, AQShda odamlar bozorga kamroq borib, ko’proq mahsulot xarid qilyapti.
“Birinchi bosqich mart boshida ro’y berdi. Buni “uyg’onish” davri, deymiz. Odamlar nimadir bo’layotganini anglab, mahsulotlarni g’amlab qo’yish haqida o’ylana boshladi. Mart o’rtasidagi ikkinchi bosqichda ular vahimaga tushib, hamma narsani xarid qilishga o’tdi”, - deydi tadqiqotchi Siv Lutz.
Mart oyida do’konlarda o’tgan yilga qaraganda 70-90 foiz ko’proq oziq-ovqat sotilgan. Odamlar yetishmovchilik bo’lishidan qo’rqib, ko’tarasiga sotib olgan.
Aprelda esa yetishmovchilik bo’lmasligini anglagandan so’ng, deydi suhbatdosh, karantin bosqichi boshlandi.
Ba’zilar ishidan ayrildi. Ko’pchilik yegulik buyurtma qilishdan uyda pishirishga o’tib oldi. Do’konda ko’p qolib ketmaslik uchun ro’yxat bilan boradiganlar ham ko’paydi.
Ekspertlarga ko’ra, karantin choralari bekor qilingandan keyin, to’rtinchi bosqich 2008-2009 yillardagi iqtisodiy krizis oqibatlarini eslatishi mumkin. Iste’molchilarning xarid quvvati sezilarli darajada pasayadi, bundan chakana savdo do’konlari ziyon ko’radi.
Pandemiya natijasida odamlar onlayn xarid qilishni sinab ko’rdi. Bu pandemiyadan keyin ham davom etishi mumkin.
“Koronavirusga qadar oziq-ovqat mahsulotlarining atigi 4 foizi onlayn sotib olinar edi, hozir esa 25 foizi. Odamlar internet orqali xarid qilishni sinab ko’rmoqda”, - deydi tadbirkor Brayan Lich.
COVID-19 ro’yxatga nimalar kirishini ham o’zgartirib yubordi. Mart boshidan beri bir marta ishlatiladigan qo’lqoplar savdosi 670 foizga, shamollashga qarshi dorilar savdosi 535 foizga oshgan. Xaridor tez buzilmaydigan, konservalangan mahsulotlarni ham ko’proq olmoqda. Sport anjomlariga ham talab oshgan. Uyda non yopayotganlar ko’paygan.
“Ko’pgina oilalar shu paytgacha non pishirish pechlariga ega emas edi. Shuning uchun pechlar savdosi 600 foizga oshib ketdi”, - deydi jurnalist Nik Rutli.
Pandemiya sotuvchi va xaridorga birdek ta’sir ko’rsatmoqda. Karantindan keyin ham ayrim mahsulotlarni zaxiralash odat tusiga kirsa ajabmas.
Facebook Forum