AQShda aholini ro’yxatga olishni erta yakunlash rejasi sud tomonidan to’xtatildi. Bu ish bilan shug’ullanuvchi byuro xodimlari anketani to’ldirmagan xonadonlarga tashrif buyurmoqda. Har 10 yilda bir marta aholini o’rganish Kongressdagi vakillar sonini, qaysi shtatga qancha yordam ajratilishini belgilaydi.
“Hech kim chetda qolmasligi kerak. Odamlarga bir necha tilda ma’lumot berayapmiz. Mahallalarda qancha odam istiqomat qilishini aniq bilishimiz lozim. Xususan, ingliz tilini yaxshi bilmaydiganlar orasida ishtirok juda sust”, - deydi Nyu-Yorkda mahalliy qonunchi Karlina Rivera.
13-sentabr holatiga ko’ra, Aholini ro’yxatga olish byurosi xonadonlarning 90 foizidan javob olgan. Ammo janubiy shtatlarda ishtirok sust. So’rovnomani internet yoki telefon orqali yoki pochta orqali to’ldirib yuborsa bo’ladi. Byuro xodimi xonadonga tashrif buyurishi ham mumkin. Ammo koronavirus pandemiyasi tufayli mart va aprel oylarida mahallalarga tashrif to’xtab qolgan edi.
Pandemiya tufayli aholini hisoblashni yakunlash sanasi 31-iyuldan 31-oktabrga ko’chirildi. Keyinchalik hukumat jarayon bir oy oldin – 30-sentabrda yakun topishini e’lon qildi.
Ko’p o’tmay shaharlar, okruglar va huquq tashkilotlari Tramp ma’muriyatini sudga berdi. Ularga ko’ra, jarayonni erta tugatish uchun hech qanday asos yo’q. Aholi sonini aniq hisoblash uchun jarayon ilgari belgilangan muddat, ya’ni oktabr oxirigacha davom etishi kerak.
Sud buni ma’qullagan bo’lsa-da, hukumat jarayonni erta tugatish uchun harakatni davom ettirmoqda. Sudga qayta arz kiritilgan.
“So’rovda qatnashish siz uchun, siz yashayotgan jamoa uchun mablag’ degani. Uy-joy, oziq-ovqat, maktablar va transport uchun Kongress har yili 1,5 trillion dollar ajratadi. Unda sizning ulushingiz ham bor. Bundan tashqari, Kongressdagi vakillar soni ham shunga qarab taqsimlanadi”, - deya tushuntiradi qonunchi Karolin Maloni.
Amerikada aholini ro’yxatga olish har 10 yilda bir marta amalga oshiriladi. 1,5 milliard dollar mablag’ hamda Kongressga qaysi shtatdan necha vakil saylanishi haqida gap ketmoqda. Shundan kelib chiqib, Kaliforniya va Nyu-York kabi aholisi ko’p shtatlar qonunchilik organida ko’proq vakilga ega.
Aholini sanash oddiy jarayondek tuyulsa-da, bu yili tortishuvlar avjida. AQSh konstitutsiyasida mamlakatdagi har bir kishini hisobga olish belgilangan, jumladan hujjatsiz muhojirlarni. Lekin faqatgina fuqarolarni sanash kerak, deydiganlar talaygina.
“Pyu” tadqiqot markaziga ko’ra, agar noqonuniy immigrantlar hisobga olinmasa, Kaliforniya, Florida va Texas shtatlarining har biri Kongressda bir vakilidan ayriladi.
Mahalliy siyosatchilarning aytishicha, hisob-kitob to’g’ri bo’lishi muhim, chunki har bir shahar va okrug byudjetdan o’z ulushini olishi kerak.
“Fuqaro bo’lsangiz ham, hujjatsiz bo’lsangiz ham, mana shu mahallada yashayotgan va ishlayotgan bo’lsangiz, buni bilishimiz kerak. Chunki hududda qancha odamga yordam kerakligi raqamlarga bog’liq”, - deydi Nyu-Yorkdagi faollardan biri Jon Blasko.
2020-yilgi so’rovnomani to’ldirish 10 daqiqa vaqt oladi. O’zingiz va oila a’zolaringiz haqida oddiy savlollarga javob berasiz.
Davlat o’z aholisi haqida qanchalik izchil ma’lumotga ega bo’lsa, ijtimoiy-iqtisodiy qarorlari shunchalik samara beradi, deydi ekspertlar.
Facebook Forum