AQShda koronavirusdan birinchi o’lim qayd etilganidan so’ng Prezident Donald Tramp matbuot anjumani o’tkazib, xalqni vahima ko’tarmaslikka chaqirdi.
“Vaziyat professional tarzda nazorat qilinmoqda. Qo’shimcha kasallik holatlari bo’lishi mumkin, ammo sog’lom odamlar bu virusdan sog’ayib ketadi”, - deydi u.
Mamlakatda hozir koronavirus bilan kasallanganlar soni 70 ga yaqinlashmoqda. Virusdan vafot etgan ilk bemor Vashington shtatidan, 50 yoshlar atrofida bo’lgan. Kaliforniya va Oregon shtatlarida ham yangi holatlar aniqlangan, ular virusni xorijga sayohat qilmasdan qanday qilib yuqtirgani tekshirilmoqda.
Dunyo bo’ylab tezlikda tarqalayotgan bu kasallik sabab Oq uy qo’shimcha choralar e’lon qildi. So’nggi 14 kun ichida Eronga sayohat qilganlar AQShga kiritilmaydi. Shuningdek, amerikaliklarga Janubiy Koreya va Italiyaga sayohat qilmaslik tavsiya etilmoqda.
Dunyo bo’ylab koronavirusdan o’lganlar soni 2900 dan oshdi, kasallanganlar 8500 ga yetdi. O'limlar soni bo'yicha Eron Xitoydan keyingi ikkinchi o'rinda, Janubiy Koreya esa kasallanganlar soni bo'yicha ikkinchi o'rinda.
“Virus o’choqlariga va o’sha hududlardan AQShga sayohatni kamaytirishga harakat qilyapmiz. Kasallik tarqalishining oldini olishga qaratilgan oddiy strategiya bu”, - deydi AQSh Sog’liqni saqlash vaziri Aleks Azar.
Virus bilan bog'liq xavotirlar sabab tugayotgan haftada jahon birjalarida aksiyalar bahosi 10-15 foiz tushib ketdi.
Facebook Forum