Breaking News

Cheklovlar, viza muammolari xalqaro talabalarni tashvishga solmoqda


Tramp ma’muriyati yaqinda joriy etgan immigratsion cheklovlar xorijiy talabalarga to’g’ridan-to’g’ri ta’sir ko’rsatmaydi. Biroq ular o’qishni bitirgandan so’ng AQShda amaliyot uchun qolishi va ishlay olishi savol ostida.

Koronavirus pandemiyasi xalqaro talabalarning ta’lim va bitiruv rejalarini o’zgartirib yubordi.

AQShda vaqtincha ishlash vizasini olish uchun hujjat topshirgan chet ellik talabalarning xavotiri shuki, hujjatlar vaqtida tasdiqlanmaydi. Savollarga hech kim aniq javob bera olmaydi.

“Prezident Tramp vaqtincha immigratsiyani to’xtatadi degan yangilikka ko’zim tushdi. Endi nima qilaman? Qolsam bo’ladimi, degan savollar tug’ildi”, - deydi singapurlik Atiya Azim.

U AQShda malaka oshirish imkonini beradigan OPT dasturiga topshirgan. Bitiruvchilarga uch yilgacha o’z sohasida ishlash imkonini beradi.

“Ishga topshirayotganda, “menga homiylik qilishingiz shart emas, Amerikada ishlash uchun ruxsatim bor”, deb uqtiraman. Ruxsatnoma 1-iyundan kuchga kiradi deb umid qilyapman”, - deydi jurnalistika bo’limini tamomlayotgan Azim.

AQSh hukumati noimmigratsion vizalar berishni to’xtatganiga bir oydan oshdi. Elchixonalarning konsullik bo’limlari yopiq.

Xalqaro reyslar bekor qilingan. AQSh kollejlariga qabul qilingan talabalar o’qish joyiga qanday yetib kelishi noma’lum.

“So’nggi bir oy davomida bu haqda qo’ng’iroqlar, suhbatlar o’tkazdik. 2020-yil kuziga qabul qilingan talabalar kela oladimi? Hozircha buni bilmaymiz”, - deydi Massachusets Universiteti qabul bo’limi xodimi Rebekka Xamlin.

Uning aytishicha, Trampning farmoni kengaytirilib, noimmigratsion vizalar ham taqiqqa uchrasa, mamlakat oliy ta’limiga katta zarba bo’ladi.

Keyingi o’quv yilida AQShda jami talabalar 15 foizga kamayishi, jumladan xalqaro talabalar soni ham 25 foizga pasayishi kutilmoqda.

Bu degani, kollej va universitetlar 23 milliard dollard daromaddan quruq qoladi.

“Taassufli jihati shundaki, vizalari o’z vaqtida rasmiylashtirilgan talabalar uchun masofaviy variantni ham taklif qila olmaymiz. Garchi ular AQShga jismonan kirmasa ham, vatanlarida turib dars olsa ham, talabalik vizalari rasmiylashtirilmaguncha dars olishlari mumkin emas”, - deydi Xamlin.

Aspirantlar OPT dasturini tugatgandan so’ng AQShda vaqtincha ishlash uchun noimmigratsion klassifikatsiyaning keyingi bosqichiga o’tishlari, ya’ni H-1B vizasini olishlari kerak.

“Agar talabalik statusingiz tugashi bilan H-1B vizasini qo’lga kirita olmasangiz, vatanga qaytishingizga to’g’ri keladi”, - deydi immigratsiya bo’yicha advokat Rozanna Berardi.

Merilend Universitetini tugatayotgan Atiya Azim iyun oyigacha OPT ruxsatnomasini olishdan umidvor.

“OPTni olganimdan keyin bu dasturdan to’liq foydalanish uchun qattiq ishlayman. Ish tajribasiga ega bo’lganimdan so’ng H-1B ish vizasiga ariza topshiraman”, - deydi u.

Viza statusini yangilay olmagan talabalar 60 kun ichida vataniga qaytishi lozim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG