Breaking News

Xalqaro talabalarni qisqartirishdan AQSh yutadimi?


Xalqaro ta'lim institutiga ko'ra, AQShda yangi xorijlik talablar soni qatorasiga uchinchi yil qisqarmoqda. Sabab - Amerika muhojirlarga avvalgidek ochiq emasligi, talaba vizasini olish qiyinlashgani va boshqa mamlakatlarda o'qish arzonligi.

Amerika dunyo yoshlari oliy ta’lim uchun intilgan birinchi raqamli mamlakat bo’lib kelgan. Biroq uchinchi yildirki, xorijiy talabalar kelishi qisqarishda davom etmoqda.

“So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, AQShda ayni damda 1 million 95 ming xorijlik talaba tahsil olmoqda. Afsuski, raqamlarda o’sish kuzatilmayapti. Oliy ta’lim muassasalariga xorijdan hujjat topshirish qisqarib bormoqda. Bunday holat xalqaro talabalardan manfaatdor universitetlar uchun jiddiy muammo tug’dirmoqda”, - deydi Xalqaro o'qituvchilar assotsiatsiyasi vakili Ester Brimmer.

Xorijdan talabalarni jalb etish borasida AQSh boshqa mamlakatlar bilan raqobatda.

“Yoshlar uchun global miqyosda tanlov imkoniyati har qachongidan sezilarli darajada ortgan”, - deydi AQSh Davlat departamenti vakili Meri Roys.

Avstraliya, Yangi Zelandiya va Kanada xorijlik talabalarni jalb etishga jiddiy kirishgan. Xususan, Kanada murakkab to’siqlarni yo’qotish bilan xorijdan talabalar kelishini 15 foizga oshirishga erishdi.

“Xorijiy talabalarning kelishi Kanadani yuksak malakaga ega kadrlar bilan ta’minlash strategiyasining bir qismi”, - deydi Kanadaning AQShdagi elchisi o’rinbosari Kirsten Xilman.

Albatta, xorijlik talaba uchun ta’lim narxi eng muhim omillardan. AQShda oliy ta’lim juda qimmat. Davlat muassasalarida to’rt yillik ta’lim uchun yiliga o’rtacha 27 ming dollar to’lash kerak. AQSh Ta’lim vazirligiga ko’ra, xususiy universitetlarda o’rtacha yillik to’lov 41 ming dollar.

“Xorijlik talabalar qisqarishiga ta’sir ko’rsatgan bir necha omillar bor. Narx masalasi birinchi o’rinda turadi. AQShda oliy ta’lim uchun to’lov yildan-yilga ortib bormoqda. Buni nazoratga olish lozim”, - deydi Xalqaro talabalar almashinuv dasturi vakili Jon Lukas.

Ekspertlarga ko’ra, AQShda ta'limga oid qonun-qoidalarni o’zgartirish takliflari ham mavhumlikka hissa qo'shadi. Hozirda bitiruvchilar AQShda 36 oygacha qolib, o’z sohasi bo’yicha malaka oshirish imkoniyatini beradigan “OPT” dasturida qatnasha oladi.

“Aksariyat oliy ta’lim muassasalari bu dasturni tahsil jarayonining ajralmas qismi sifatida muhim deb biladi”, - deydi Brimmer.

Janubiy Koreya, Vyetnam, Meksika, Ispaniya va Nigeriyadan talabalar kelishi keskin qisqargan. Shuningdek, AQSh bilan aloqalari tanglikka yuz tutgan Eron, Turkiya va Pokiston kabi aholisining aksariyati musulmon bo’lgan mamlakatlardan ham talabalar kam.

“Immigrantlarga umumiy qarshilik kuchaygan, ayniqsa, musulmon mamlakatlaridan bo’lsa”, - deydi Migratsiya siyosati instituti Janna Batalova.

“Xorijlik talabalar va olimlarning mamlakat ravnaqiga ilmiy tadqiqotlar va boshqa yo’llar bilan qo’shgan hissasi beqiyos. Men hukumatga ishlaganimda ham, professorlik faoliyatimda ham shunga amin bo’ldimki, AQShda ta’lim olgan hamkorlarimizdan naf katta. Ular bilan qarashlarimiz umumiy”, - deydi Brimmer.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG