Koronavirusni to’xtatishga qaratilgan global sa’y-harakatlarga qaramasdan COVID-19 pandemiyaga aylandi. AQShda virus shahar va qishloqlarda tarqalmoqda, ko’p hollarda infeksiya manbai noma’lum. Raqamlar o’sib borishi kutilar ekan, kasalxonalar bemorlar to’lqiniga tayyorgarlik ko’rmoqda.
COVID-19 infeksiyasi paydo bo’lishi bilan yuqumli kasalliklar bo’yicha mutaxassislar e’tiboriga tushdi. AQShda asosiy e’tibor - tibbiyot xodimlarini tayyorlashda.
“Xodimlarning malakasini oshirish ustida ishlayapmiz. Bunga himoya kiyimlarini kiyish va yechishni o’rgatish ham kiradi, toki bu jarayonda virusni o’zlariga yuqtirishmasin”, - deydi shifokor Robert Vayli.
Ba’zi kasalxonalarda o’ta yuqumli kasallikka chalinganlar uchun alohida xonalar mavjud. Ammo COVID-19 ga haqiqatda tayyor bo’lish mumkinmi?
“Bu savolga javob berish qiyin”, - deydi shifokor Glen Vortman. – Hammasi talabga bog’liq. Bemorlar kam bo’lsa, kasalxona eplaydi. Bemorlar yog’ilib kelsa, hech bir kasalxona uddalay olmaydi”.
Ko’plab davlatlarda shifokor va bemorlar “Skype” yoki telefon orqali bog’lanishi tavsiya etilmoqda.
“Bu tumov mavsumida ham, koronavirus holatida ham ajoyib yechim. Bemor ahvoli tezda baholanadi, savollariga javob oladi. Zarurat bo’lsa, bemor kasalxonaga olib kelinadi. Zarurat bo’lmasa, odamlar uyidan turib ham savollariga javob oladi”, - deydi doktor Stiven Vit.
Yana bir g’oya – bemorlarni ko’chadagi palatkalarda yoki mashinasida testdan o’tkazish.
“Virusni yuqtirganlarning 80-85 foizi kasalxonada bo’lishi shart emas. Ana o’shalarni yangi usullar bilan testdan o’tkazgan ma’qul. Shunda shifoxonalar gavjum bo’lmaydi”, - deydi Vortman.
Koronavirus testlarini laboratoriyada emas, kasalxonalarning o’zida o’tkazishga ruxsat berilsa, natija bir necha soatda tayyor bo’ladi. Eng katta xavotir virusning reanimatsiya xodimlari va shu bo’limdagi bemorlar orasida tarqalmasligini ta’minlashdir.
“Tashkilot ichida virus tarqalishini bartaraf etish eng qiyin vazifa. Chunki hozircha vaksina yo’q, davolash imkoni yo’q. Oddiy profilaktika choralari qo’llanilyapti”, - deydi shifokor.
Hammasi mikroblarni nazorat qilishga borib taqaladi.
Facebook Forum