Breaking News

Bolaligida Amerikaga kelgan hujjatsiz muhojirlar taqdiri mavhum


Qo’shma Shtatlarga bolaligida kelib qolgan hujjatsiz muhojirlarni “umidchilar”, "dreamers" deyishadi. Sobiq Prezident Barak Obama davrida ular himoyaga olingan, ishlashiga ruxsat berilgan edi. Donald Tramp Oq uyga kelganidan beri bu insonlar taqdiri mavhum qolayapti.
Qo’shma Shtatlarga bolaligida kelib qolgan hujjatsiz muhojirlarni “umidchilar”, "dreamers" deyishadi. Sobiq Prezident Barak Obama davrida ular himoyaga olingan, ishlashiga ruxsat berilgan edi. Donald Tramp Oq uyga kelganidan beri bu insonlar taqdiri mavhum qolayapti.

Donald Tramp prezidentlikka kelganidan beri immigratsiyaga doir uch farmon imzoladi. Biroq Amerikaga bolaligida noqonuniy kelgan muhojirlarga doir loyiha haqida Tramp indamadi va dastur taqdiri havoda muallaq qolmoqda. Dastur Qo’shma Shtatlarga kelgan hujjati yo’q immigrant bolalarni himoya qiladi. Ayrim shtatlar, jumladan, Shimoliy Karolinada loyiha butunlay bekor qilinsin deganlar bor.

Vilyam Gin Prezident Trampga 15-aprelgacha muhlat berdi. O’shangacha noqonuniy muhojir bolalarga doir DACA deb nomlanuvchi dastur bekor qilinishi kerak, deydi u. Agar Tramp chora ko’rmasa, Gin rahbarlik qilayotgan “Amerikaliklar qonuniy immigratsiya uchun” tashkiloti prezidentga bergan yoqlovidan voz kechmoqchi.

“Donald Tramp immigratsiya haqida bergan va’dalariga amal qilmasa, unga biror boshqa masalada ham ishonib bo’lmaydi. Hokimiyatga kelishida aynan shu va’dalar katta rol o’ynadi”, - deydi Gin.

Shimoliy Karolina eng ko’p noqonuniy muhojir bolalarni panohiga olgan shtatlarlardan. 50 ming bola hujjati yo’q immigrant yoshlarga taalluqli loyihadan foydalandi. Sobiq Prezident Barak Obama ma’qullagan dastur bolaligida Amerikaga kelgan o’g’il-qizlarni himoya qilib, ishlashga ruxsat beradi.

“Hujjatsiz minglab immigrant bolalarga eshiklarni ochib qo’yibmiz. Holbuki, Amerika xalqi nima deb o’ylaydi bu haqda, hech kim so’ramaydi! Hukumat xohlaganini qilayapti”, - deydi Gin.

Shimoliy Karolinada tug’ilib o’sgan Gin kollej yillarida demokrat edi, ozchilikdagi guruhlardan chiqqan saylovchilarni ro’yxatga olishda juda faol edi. Ammo noqonuniy immigratsiyaga doir xavotiri tufayli mustaqil nomzodlarga ovoz beruvchi saylovchiga aylandi. Mana 12 yildirki, hujjati yo’q immigrantlarga qarshi kurashyapti. O’tgan yili uning tashkiloti Trampni yoqlab chiqdi.

“Agar Tramp unga ovoz berganlarga xiyonat qilsa, hukumatdan ketadi. Prezident noqonuniy immigrantlarga shafqat qilishi mumkin, bolaligida kelgan hujjatsiz muhojirlar dasturi amalda qolishi mumkin degan mish-mishlar yuribdi”, - deydi Gin.

15-aprel nomiga tanlangan sana emas. Amerikada soliq deklaratsiyasi to’ldirilishi uchun oxirgi muhlat bu. Gin bu kunni oxirgi sana deya tilga olishi bejiz emas. Noqonuniy muhojir bolalar soliq to’lovchilar hisobiga ish yoki imtiyoz olmasin, deya talab qiladi u.

“Amerikalik sifatida shuni aytishim mumkinki, insoniyat tarixidagi eng bag’rikeng sivilizatsiyaning namoyandasiman. Oilam ham shunday. Mayli, xo’p, meni irqchi, millatchi deb urishing. Qo’shma Shtatlarda yashaymiz, fikr, so’z erkinligi bor jamiyat bu”, - deydi Gin.

Edit Galvan Shimoliy Karolinaning Roli shahridagi maktabda oq’iydi. Hukumat himoyasiga olgan hujjati yo’q yosh immigrantlardan.

Shimoliy Karolinaning Roli sharidagi qamoqxona ro’parasida o’tgan namoyishda qatnashganlar Visente Marsial Noyolani ozod etishni talab qilmoqda. Uch farzandning otasi mashinani hujjatsiz haydayotib hibsga olindi. Marsial Noyola Meksikadan, noqonuniy muhojir. Uni deportatsiya qilishmoqchi. Oyola uch bolasini bir o’zi katta qilayapti.

“Ukalarim “dadam qani, qachon keladi” deb so’rashadi. Men esa “dadamiz keladilar” deyishga, hech narsa bo’lmaganday yurishga majburman”, - deydi uning qizi Alisha.

Kichik bu namoyish chog’ida ba’zilar ko’ziga yosh oldi. Biroq rasmiylar buni ko’rmayapti. Shunga qaramay, Edit Galvan rasmiylarning eshigini qoqishdan charchamaymiz, deydi.

“Ota oilasi bag’riga qaytishi kerak, shuni talab qilamiz”, - deydi Edit.

Galvan o’zi uyushtirgan birinchi piket bu. O’zi ham hujjati yo’q yosh muhojirlarni himoya qiluvchi loyiha qatnashchisi.

Edit meksikada tug’ilgan, olti yoshida oilasi bilan Shimoliy Karolinaga kelgan. Uchinchi sinf paytida onasi unga ahvolni tushuntirdi. Ammo hukumat dasturi qizga umid bag’ishladi. Hamma qatori amerikalik deya his qildi o’zini.

“O’sha paytda sinfdoshlarim haydovchilik guvohnomasi olayotgan edi. Dasturga kirishdan oldin bunday guvohnoma haqida orzu qilolmasdim, biror yerda suratga tushishdan qo’rqar edim”, - deydi Edit.

Galvan hukumatdan stipendiya olishi mumkin emas. Shuning uchun xususiy Meredit kollejida o’qiyapti, shu ta’lim dargohi unga moliyaviy yordam ajratdi. Qolgan xarajatlarni otasi to’ladi. Haftasiga 35 soat ishlab, ijara, kitob, yegulik uchun to’laydi.

Birinchi kurs talabasi ijtimoiy yordam sohasini o’rganayapti.

“Jamiyatda adolat qaror topishiga hissa qo’shmoqchiman. Shuning uchun bu yo’nalishni tanladim”, - deydi Edit.

“Noqonuniy muhojir bolalarga yordam” loyihasining taqdiri mavhum ekan, Galvan kabi yoshlar qo’rquv bilmay kurash olib borayapti. Boshqalar ham bundan naf ko’radi, deya tinim bilmayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG