AQSh poytaxti Vashingtonda o’tgan 10 yildan buyon jamoat kutubxonalari yangilanmoqda. Bir vaqtlar faqat kitob o’qishga mo’ljallangan manzillar bugun yangicha tus olmoqda, qonun-qoidalar ham boshqacha.
“Yangi kutubxonamizga xush kelibsiz. Davlat departamentining yonginasida joylashganmiz. Xususiy va jamoatchilik tashkilotlari hamkorlikda qurgan birinchi kutubxona”, - deydi Kevin Ozborn, kutubxona menejeri.
Kutubxona turli maqsadlarda qo’llanuvchi binoning birinchi qavatidan joy olgan. Bu yerda aslida eski bir kutubxona bo’lgan. Mahalliy hokimiyat yerni shart asosida xususiy qurilish kompaniyalariga berdi. Har qanday yangi loyiha zamonaviy kutubxonani ham o’z ichiga olishi kerak edi.
“Bu kelishuvdan hamma xursand. Soliq to’lovchilar kutubxonali bo’ldi. Bunaqangi inshootni qurish uchun 20 million dollar sarflagan bo’lardik. Arzonga tushdi. U pulni endi boshqa narsaga sarflasa bo’ladi”, - deydi Richard Rayes-Gavilan, Vashingtonda kutubxonalarni boshqaruvchi tizim rahbari.
Yangi joy eski uslubdagi kutubxonalarga umuman o’xshamaydi. Ichida kafesi bor. “Klassik” qoidalar bekor qilingan. Yeyish-ichish mumkin. Telefondan foydalansa ham bo’ladi.
“Magnitofon ko’tarib kelmaysiz, albatta. Ammo atrofga qarasangiz, odamlar suhbatlashib o’tiradi, jim o’tirish kerak degan qoida yo’q. Muloqot qilishsin, birga ishlashsin. Jimjitlik shart emas, jamoat markazi bu”, - deydi Ozborn.
Audio va multimedia bo’limida 40 ming kitob audio shaklda. Kompyuterda qiladigan ishlar bo’lsa, kelib bemalol foydalansa bo’ladi. Vay-fay bepul.
“Missiyamiz savodxonlik va o’qish. Kompyuter va boshqa texnologiyadan foydalana bilish ham savodxonlikka kiradi”.
Kutubxona a’zolari uchun 3D printeri muhayyo… tikuvchilik mashinalari ham bor.
Shahar ma’muriyatiga ko’ra, kutubxonalar aholi ehtiyojlarini qondiradigan jamoat markazlariga aylanadi. Kattalar uchun turli to’garaklar, kichkintoylar uchun o’qish mashg’ulotlari…
O’tgan yili Vashington kutubxonalaridan to’rt million kitob olingan yoki matni yuklab olingan. Har yili qancha odam kutubxonaga qatnashi noma’lum, lekin rasmiylar yangicha markazlarga qiziqish ortayotganini aytadi.
Facebook Forum