Breaking News

Qirg'iziston: Yangicha, zamonga mos kitob maskanlarini ko'paytirish kerak


Qirg’izistonning O’sh shahrida dastlabki ko’p tarmoqli kitob maskani ish boshladi. Aytish joiz, keyingi yillarda o’lkada ko’plab kutubxonalar va kitob do’konlari yopilgan. Mutaxassislar bu holatni zamonaviy axborot manbalarining bosimi hamda moddiy taqchillik bilan izohlaydi.

O'shda yangi ko'p tarmoqli kitob maskani - Muhiddin Zarif
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:00 0:00

Tashabbuskorlarning aytishicha, kutubxona vazifasini zimmasiga olgan kitob do’konlari mavjud bo’shliqni ma’lum qadar to’ldirishga xizmat qiladi.

Yangi sharoitda kitob maskanlari qanday bo’lmog’i lozim? Odamlarni mutolaaga jalb qilish uchun nima qilish darkor?

O’sh shahrida ko’p tarmoqli kitob maskanini ochgan bir guruh yosh tadbirkorlar nazarida, kitob do’konlarini yangi qiyofada tiklashdan barcha manfaatdor. Ayniqsa yosh avlod.

“Kitob tokchalarimizda badiiy, mumtoz, maxsus adabiyot, shuningdek, diniy nashrlar keng o’rin olgan. Kitoblarni xarid qilish, shu joyning o’zidagi mutolaa zalida yoki uyda o'qish uchun olish mumkin”, - deydi kitob maskani direktori Azamat Ashirov.

Kitob jamg’armasining ma’lum qismini mahalliy aholi vakillari sovg’a qilgan adabiyot, jumladan, nodir nashrlar tashkil etadi.

O’shlik qalamkash Mahmudjon Qozoqboyev fikricha, kitob maskanida diniy adabiyotga, aniqrog’i, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf kabi taniqli ulamolar asarlariga alohida o’rin berilishi maqsadga muvofiq tadbir.

“Yoshlarimiz radikal diniy oqimlar tajovuziga tushib qolmasligi uchun to’gri ma’lumot, bilim lozim”,- deydi suhbatdosh.

“Yaxshi asar albatta o’z o’quvchisini topadi. Demak, mazmun, sifat kerak. Afsuski, hozir o’lkamizda mualliflar hisobiga kitob chop etish keng rasm bo’ldi va pul ketidan quvgan mahalliy nashriyotlar ko’plab mazmunan sifatsiz kitoblar paydo bo’lishiga yo’l ochayapti. Bu hol kitobxonni qochirayapti”, - deydi Qozoqboyev.

U nashrga tayyorlangan asarlarni badiiy kengash muhokamasidan o’tkazish amaliyotini qayta tiklash tarafdori.

“Shuningdek, muallif ruxsatisiz, ya'ni norasmiy usullar bilan ko’paytirilgan kitoblardan voz kechish kerak - hamma narsaning asli yaxshi. Qolaversa, kitob do’konlari va kutubxonalar odamlarning didini tarbiyalashi lozim”, - deydi qalamkash.

Suhbatdoshlar deydiki, ijodkorlar va kitob maskanlari yangi avlod talablari, ichki dunyosi, zamon o’zgachaliklarini hisobga olsagina diqqat-e’tiborga sazovor bo’ladi.

Mahalliy aholi vakillari yangi tipdagi “kitob dunyolari” ko’payishiga umid qiladi. “Axir bu foydali ish ekaniga shubha yo’q”, - deydi ular.

XS
SM
MD
LG