Breaking News

Qirg'iziston janubida shoir Shavkat Rahmon xotirlanmoqda


Hozirgi zamon o’zbek adabiyotida o’ziga xos iz qoldirgan Shavkat Rahmon 65 yil muqaddam O’sh shahrida tavallud topgan, she'riyatdagi ilk qadamlarini ushbu diyorda qo’ygan edi.
Hozirgi zamon o’zbek adabiyotida o’ziga xos iz qoldirgan Shavkat Rahmon 65 yil muqaddam O’sh shahrida tavallud topgan, she'riyatdagi ilk qadamlarini ushbu diyorda qo’ygan edi.

Joriy yilda Qirg’iziston janubida shoir Shavkat Rahmonni xotirlab badiiy kechalar, anjumanlar o’tkazildi. Yig'inlardan biri yaqinda O’sh shahridagi yangi kutubxonada kechdi.

Shoir Shavkat Rahmonni eslab-Muhiddin Zarif lavhasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:14 0:00
Yuklab oling

Hozirgi zamon o’zbek adabiyotida o’ziga xos iz qoldirgan Shavkat Rahmon 65 yil muqaddam O’sh shahrida tavallud topgan, she'riyatdagi ilk qadamlarini ushbu diyorda qo’ygan edi.

“Amerika ovozi” shoirning yaqin qarindoshlari, hamshaharlari, muxlislari bilan suhbatda bo’ldi.

Asl insoniy qadriyatlar kuychisi Rahmon qadrdon O’sh diyorining tabiati, ma’naviy muhitidan o’zgacha ilhom olgan. Mahalliy aholi, she'riyat shinavandalari uchun u yorqin yulduz bo’lib qolgan.

Adabiyotshunos olim, O’sh Davlat universitetining O’zbek filologiyasi kafedrasi mudiri Ravshanbek Tursunovning aytishicha, Qirg’iziston janubining o’zbekzabon maktablarida shoir ijodi qo’shimcha darslarda o’rganiladi, qator ilm dargohlarida hayoti va ijodiga bag’ishlangan burchaklar bor.

“Shavkat Rahmon yosh qalamkashlar uchun katta maktab, toki so’zlarni tanlab, qayrab ishlataylik, purma’no fikrlar tebrataylik”, - deydi olim.

Shavkat Rahmonning ukasi Mahmudjon:

“Shoirni eslab turish millatdoshlarimiz, yangi avlod uchun kerakli narsa, deb o’ylayman. Akam Toshkentda istiqomat qilgani bilan ona O’shni doim yodda tutib kelgan. Hislatlaridan aytsam, boshlagan ishini oxiriga yetkazadigan, o’ziga xos o’jarligi bor, kamso’z inson edi. Yetmishinchi yillar Moskvadagi Adabiyot institutiga o’qigani ketti, bitirdi va Toshkentdagi nashriyotda ishladi. Akamday inson bilan faxrlanmay bo’lmaydi”.

Shoirning qaynopasi Muhabbatxon Nosirova:

“Shavkatbek o’limga tiz cho’kmay yashadi, xastalik bilan olishib, ijodini davom ettirdi. Qarangki, barcha orzulari amalga oshdi. Qizlari o’zi o’ylaganday o’qimishli, xorij tillarini egallagan barkamol inson bo’lib yetishishdi, munosib xonadonlarga kelin bo’lishdi. O’g’li yaqinda yana bir farzand ko’radi. Ikki qavatli uy qursam, derdi. Uy ham bo’ldi. Hovlisi o’zi sevgan gullarga burkangan…”.

Muhabbat opaning aytishicha, ko’p muddat Toshkentda shoirning o’z turar-joyi bo’lmagan. O’n ikki bor u joydan bu joyda ijara uylarga ko’chib yashagan. Umrining oxirgi yillaridagina qo’nim topgan.

“O’ta kamtar, og’ir-bosiq yigit edi. Qah-qah otib kulganini eslolmayman, miyig’ida jilmayib qo’yar edi. Ko’ngliga yoqqan odam bilan soatlab, kechalab suhbat qilishi mumkin edi, yoqmaganini chetga surib qo’yardi. Maqtovlarni suymasdi. Insonlarda halol-poklikni qadrlardi. Birovga egilmaslikni xohlardi”, - deya xotirlaydi Muhabbat opa.

Shavkat Rahmonning o’shlik qarindoshlari uning toshkentlik qadrdonlaridan minnatdor. Shoir vafotidan salkam yigirma yil o’tibdiki, birodarlarining xonadonini tez-tez yo’qlab turar ekanlar. “Shukr, insonlar qalbida qolgan ekan Shavkatbek”, - deydi u.

Qorasuvlik yosh shoir Rahimjon Alining aytishicha, ijod ahli hayotiga bag’ishlangan bunday kechalar katta ahamiyatga ega.

“Qirg’iz va o’zbek yoshlari birlashib, ushbu kechani tashkil qilar ekanmiz, ulug' vatandoshlarimiz hayoti va ijodiy faoliyati bilan hamyurtlarimiz, tengdoshlarimizni chuqurroq tanishtirishni maqsad qildik. Yaxshi ish bo’ldi”, - deydi Rahimjon Ali.

Shoir xotirasiga bag'ishlangan kechadan suratlar:

XS
SM
MD
LG