AQSh poytaxti Vashingtonda karantin cheklovlari sekin-asta bekor qilinmoqda, bizneslar ochila boshlagan.
Potomak daryosi bo’yidagi Vorf mahallasi, bu yerdagi restoran va do’konlar pandemiyadan oldin gavjum bo’lardi. Poytaxt Vashington ochilar ekan, odamlar ehtiyotkorlik bilan ko’chaga chiqayotganini ko’rish mumkin.
“Virusning ikkinchi to’lqini boshlanishi mumkin. Lekin tarozining ikkinchi pallasida iqtisodiyot. Odamlarga imkoniyat ham kerak”, - deydi vashingtonlik Eva.
Shahar meri Muriel Bauzerning ta’kidlashicha, koronavirus bo’yicha raqamlar qatorasiga 15 kun pasaygani sababli 22-iyundan shahar ochilishning ikkinchi bosqichiga o’tadi. Bu degani, 50 kishigacha bo’lgan yig’inlarga ruxsat beriladi. Chakana savdo markazlari, restoranlar va cherkovlar muayyan cheklovlar bilan qayta ochiladi. Masofa saqlash talabi o’zgarmaydi.
“Har bir kategoriyada to’g’ri yo’nalishda harakatlanyapmiz. Aholi orasida kasallik sur’ati, virusni yuqtirish ko’lami kamaygan. Kasalxonalar bemorlarni qabul qilishda yetarlicha joyga ega. Virusni yuqtirganlarni nazoratga olish bo’yicha sistema yo’lga qo’yilgan”, - deydi mer.
Maykl Obindu Nigeriyadan. Yaqinda Xovard universitetini moliya yo’nalishi bo’yicha bitirdi.
“Men kabi ish qidirayotganlar uchun vaziyat izga tushayotgani yaxshi xabar”, - deydi u.
Xolid Bengalem oilasi bilan Floridadan Vashingtonni ko’rishga kelgan. Yozda shahar odatda bu qadar jim-jit emas, deydi u.
“Vashington gavjum bo’lardi. Hozir ko’chalarda odam ko’p emas. Lekin o’zimizni xavfsiz his qilayapmiz. Floridada, aksincha, virus yana ko’paymoqda. Vashingtonda odamlar niqobda, bir-biridan masofa saqlayapti”, - deydi mehmon.
Uning qizi Xanna 9-sinfni bitirdi. Ko’plab maktablar kabi ularda ham darslar bir necha oydan beri onlayn olib borilgan.
“Uyda odam o’zini yolg’iz his qiladi. O’qituvchilar vazifalarni beryapti, darslarni qilishda davom etyapmiz. Lekin yuzma-yuz boshqa”, - deydi u.
Poytaxtda ko’proq odam ko’chaga chiqayotgan bo’lsa-da, aksariyat vashingtonliklar ehtiyotkorlikni afzal ko’radi. Chunki virus xavfi hamon mavjud.
Facebook Forum