Breaking News

Husni Muborak va o’g’illari sud qilinadi


Husni Muborak va o’g’illari sud qilinadi
Husni Muborak va o’g’illari sud qilinadi

Misr hukumati sobiq prezident Husni Muborakni korrupsiya, mansabni suiiste’mol qilganlik va qotillikda ayblamoqda. Uning o’g’illari A’lo va Jamol ham 15 sutkaga ushlanib, tergov qilinadi. Sobiq bosh vazir va hukmron partiya yetakchisi ham ayni ayblovlar bilan turmada.

Bu choralar ommaning qat’iy talabi ostida amalga oshirilmoqda. O’tgan haftadan beri poytaxt Qohiraning Tahrir maydonida namoyish qilgan fuqarolar sud bo’lsin, deya hayqirgan.

11-fevral kuni Muborak ketib, boshqaruvni qo’lga olgan harbiylar sobiq prezident va uning oilasini pana qilmoqda, degan gaplar ham bo’lgan. Politsiya odamlarni kuch bilan haydagani, bir kishi o’lgani ma’lum.

Namoyishchilar Muborak oilasini yillar davomida davlat mulki, bir dunyo mablag’ni sovurganlikda, xorijdagi hisob-raqamlarda saqlayotganlikda ayblaydi. Bundan tashqari, fevralda avj olgan qo’zg’olon paytida hukumat ommani o’qqa tutib, yuzlab fuqaroni o’ldirganlikda ham ayblanmoqda.

Muxolifat xavotiri shuki, mamlakat demokratiya sari qadam qo’ygan bir paytda sobiq rahbarlar qanday bo’lmasin, yashirin yo’llar bilan hokimiyatga qaytmoqchi.

Oilasi bilan Sharm al-Shayxda yashayotgan 82 yoshli Muborak kecha yurak og’rig’i bois kasalxonaga yotqizilgan. O’sha yerning o’zida tergovchilar uni savolga tutgan. Bugun tongda prokuratura sobiq prezident 15 kunga qamoqqa olinganini ma’lum qildi. U Qohiradagi harbiy gospitalga jo’natilishi kutilmoqda.

Husni Muborak unga qo’yilgan ayblovlarni asossiz deb hisoblaydi. “Tergovdan qo’rqmayman. O’zim va oilamning nomini himoya qilishga haqqim bor”, - deydi u. Muborak va yaqinlari Misrni tark etishi man qilingan. O’g’illari A’lo va Jamol ham vaqtincha hibsda. Jamol Muborak otasining vorisi deya ko’rilgan edi.

Sobiq prezident hibsda ekani haqidagi xabarlar to’rt kundan beri Tahrir maydonidan ketmay turib olgan faollar va ularni tarqatishga uringan armiya o’rtasidagi ziddiyatni yumshatgan. Yoshlar boshchilik qilgan guruh jumaga rejalangan namoyishlarni bekor qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG