Arab dunyosidagi eng yirik jamiyat Misr ko’chalari bo’ylab 30 yillik rahbarga lan’atlar aytilmoqda
Husni Muborak zolim diktator, uzoq yillardan beri xalqni ezib, qonini ichib kelmoqda deya hayqiradi yuz minglab namoyishchilar.
Poytaxt Qohirada millionlar marshi. Tinch o’tayotgan bu namoyishlarda odamlar qo’lida “Alvido, Muborak, ket endi hokimiyatdan”, “Sendan to’ydik, Muborak” degan yozuvlar.
Qay tarafga qaramang, 83 yoshli prezidentning qo’g’irchoq shakli osib qo’yilganini ko’rasiz.
Qurolli kuchlar namoyishni yaqindan kuzatmoqda, lekin unga aralashmayapti. Armiya qo’mondonlari hech bir fuqaro nishonga olinmaydi, xalqqa qarshi qurol ishlatilmaydi deya bayon qilgan. Bu bilan Misr harbiylari omma tarafida ekanini ko'rsatdi.
Muxolifat yetakchisi Muhammad al-Barodiy Husni Muborak hokimiyatni bo’shatishi kerak, vassalom, deydi.
Xalqning yangi hayot boshlashga, o’zgarishlar qilishga haqqi bor, deydi u, Muborak endi uning yo’lini to’sa olmaydi.
Misrda uzoq yillar man etilgan bo’lsa-da, odamlar orasida katta nufuzga ega “Musulmon Birodarlar” partiyasi va demokratiya uchun kurashib kelayotgan muxolif partiyalar al-Barodiyni o’z vakili etib tanlagan.
“Muborak prezidentlikdan ketishi bilan, harbiy kuchlar va oppozitsiya orasida muzokara boshlanadi, unda bizning nomimizdan al-Barodiy gapiradi”, - deydi faollar.
Misr shimolidagi yirik port shahar Aleksandriya ham katta namoyishlar sahnasiga aylangan.
Mamlakat bo’ylab temiryo’l xizmati to’xtatilgan.
Banklar, maktablar, korxona va zavodlar yopiq. Do’konlar va bozorlarga ham qulf osilgan.
Prezident Muborak keskin choralar ko’rib, qishloq joylardan odamlar shaharlaga kelmasligini, namoyishga qo’shilmasligini ta’minlamoqchi edi .
Bu harakatlari zoye ketdi, xalq qo’zg’alib bo’lgan, deydi hukumatga qarshi bosh ko’targan odamlar. Misrda aholining ko’pchilik qismi qishloqlarda yashaydi.
Chet davlatlar Misrdan o’z fuqarolarini olib chiqmoqda
Xitoy Qohiraga samolyot jo’natib, 500 ga yaqin odamini evakuatsiya qilgan. Tayvan ham yuzlab fuqarolarini chiqarmoqda. Kanada, Hindiston, Isroil va Indoneziya ham maxsus reyslar joriy etgan.
Misrda AQShning 50 ming fuqarosi borligi ma’lum. Amerikaning 9 samolyoti 1500 ga yaqin kishini olib ketgan.
Turkiya, Kipr va Gretsiya Misrdan minglab sayyohlarni qabul qilmoqda.
Britaniya, Germaniya va Fransiya Misrga sayohatga borgan fuqarolarini evakuatsiya qilmoqchi emas, ammo ko’pchilik qo’shni davlatlardagi dam olish maskanlariga yo’l olgan.
Qohira xalqaro aerporti tartibni saqlashga harakat qilmoqda, lekin tumonat odamni eplash qiyin kechmoqda.
Turli aviakompaniyalar xodimlaridan ayrilgan, oziq-ovqat va ichimlik suvi taqchil.