Misrda hukumatga qarshi tinimsiz davom etayotgan namoyishlar dunyoing turli burchaklarida ham aks sado bermoqda.
Hafta boshida Vashington, Boston, Nyu-York shaharlarida omma Misr xalqini olqishlab ko’chaga chiqqan.
Sakkiz million odam yashaydigan, xilma-xil elatlar qo’nim topgan Nyu-Yorkda misrliklar mahallasi ham bor. Uni Kichik Misr deb atashadi.
“Amerika Ovozi” u yerga borib, jamoatchilik fikri bilan tanishdi.
Nyu-York shahrining Kvins tumani misrlik muhojirlarga to’la. Ayniqsa Steyinvey ko’chasida yuzlab arab oshxonalari, sayyohlik agentliklari va boshqa bizneslarni ko’rasiz.
Bugun bu bizneslarning derazalarida Misrda bo’lib otayotgan namoyishlarni qo’llovchi yozuvlarni ko’rasiz.
AQShda yashovchi misrliklar yurtdoshlariga hamdardlik bildirib, prezident Muborak iste’fosini talab qilayaptilar.
Restoranlargagi har bir televizorda Misrdagi namoyishlarni jonli ravishda tomosha qilasiz. Bahsu-munozaralar avjida.
Hani Aygog - AQShda talaba. Yaqingacha Misrda kimda kim siyosat haqida og’iz ochsa, qamalar edi; odamlar orasida qo’rquv kuchli edi, deydi u.
“Hukumatni tanqid qilib bo’lmaydi. Agar siyosatga qarshi gapirsangiz yoki huquqlaringizni talab qilsangiz qamalasiz. Ishsizlik, korrupsiya haqida umuman og’iz ochish mumkin emas. Odamlarni joniga tegdi bunday yashash. Shuning uchun namoyishga chiqishdi. Hukumat o’zgarishi kerak. ”
Hani fikricha Muborak baribir ketadi, tez kunlarda.
“Bu xuddi bir tushga o’xshaydi. Arab dunyosida Misr eng battol diktatorlik ekanini hamma biladi. Odamlar vanihoyat o’z huquqlarini talab qilmoqda. Tuzum qulashi muqarrar. Aql bovar qilmaydi”.
Boshqa bir misrlik Muhammad Abdujalil ham Muborakning kuni bitgan deydi.
1980- yillarda endi hukumatga kelganida yaxshi edi. Keyin xalq haqida o’ylamay qo’ydi”, - deydi u.
Misrda tirikchilik qilib bo’lmaydi. Millionlab odamlar hatto yegulik topa olmay sarson, deydi Muhammad Abdujalil.
“Misrda hayot og’ir. Odamlar o’z ehtiyojlari haqida ochiq gapira olmaydi. Ish yo’q, kelajak yo’q. Mana nimalarga yetakladi bu”.
Latifa Mzug’iy, tunislik muhojir, Nyu-York shahrida sug’urta kompaniyasida ishlaydi.
Erkin va demokratik jamiyatda yashash uchun chet elga ketish kerak degan tushuncha keng tarqalgan. Yaqin sharq yoshlari bunga nuqta qo’ymoqchi. Bu ayol fikricha namoyishlar qo’shni mamlakatlar bo’ylab tarqalishda davom etadi.
“Yaqin Sharqda yoshlar ko’p, ularning katta qismi ishsiz. Ular biz kabi muhojirlikka chiqib boshqa yurtlarda yashashni istamaydi. Qolaversa, bu oson ham emas. O’z mamlakatlarida qolib ishlashni afzal ko’rishadi. Hukumat o’zgarsa, mamlakatda ijobiy burilishlar bo’ladi degan umid bor”, - deydi Latifa.
U va boshqa muhojirlar nazarida AQSh va Isroil Misrda nom chiqargan muxolif partiya Musulmon Birodarlardan xavfsiramasligi kerak. Ular G’arbga qarshi harakat emas, balki uddaburo tadbirkorlar, biznes egalaridan tashkil topgan. Ular kambag’allarga ko’p yordam beradi, deydi bu arablar.
Boshqalar esa na Musulmon Birodarlar partiyasi va na xalqaro miqyosda tanilgan arbob va muxolifatchi Muhammad al-Barodiy hokimyat uchun munosib deydi.
80 milliondan ortiq aholiga ega Misrda hokimiyatga munosib insonlar ko’p, deydi Muhammad Abdujalil.
“Hukumat tepasiga yangi avlod vakillari kelishi kerak”.
Nyu -York ko’chalarida yurgan har bir misrlikning ham maqsadi shu. Hukumat o’zgarishi kerak. Misrdagi namoyishchilar ortga qaytish yo’q demoqda. Demokratik qadryatlarni ilgari suradigan hukumat kelmas ekan, xalq adolat talab qilishda davom etadi deydi ular.