Qohirada prezident Husni Muborak tarafdorlari va uning hokimiyatdan ketishini talab qilayotgan omma orasida qonli to’qnashuvlar. Sakkiz kishi o'lgan, 900 ga yaqin odam jarohatlangan.
Muborak xalq oldiga chiqib, lavozimida shu yilning sentabr oyigacha, amaldagi muddati tugagunicha qolish qarorida qat’iy ekanini aytganiga ikki kun bo’ldi.
Amerika Misrdagi beqarorlikdan xavotirda va Oq Uy nazarida agar kecha boshlangan qonli xurujlar ortida Muborak ma’muriyati turgan bo’lsa, bunga darhol chek qo’yish kerak.
Qohira ko’chalarida qon to’kilmoqda. Odamlar g’azabda, vahimada. Husni Muborak keskin qarshilikka qaramay prezidentlikdan ketmayman deb turib olgan.
“Xalqim uchun xizmatdaman, muddatim oxirigacha”,- deydi u.
AQSh rahbari Barak Obama fikricha bu quruq so’z xolos.
“Haqiqiy o’zgarish bo’lishi kerak va u hozir boshlanishi kerak”,- deydi Obama.
Muborak nutqidan keyin namoyishlar avj olsa oldiki, tinmayapti.
25 yanvarda boshlangan qozg’olon 2 fevralgacha tinch o’tayotgan edi.
Lekin kecha ot va tuya mingan odamlar namoyishchilarga tashlana boshlagan.
30 yillik rahbarning ketishini talab qilayotgan misrliklar fikricha hukumat ularga qarshi maxsus guruhlarni safarbar etgan, fuqarolar kiyimida.
Muborakning tarafdoriman deyayotganlarning qo'lida xanjar, qurol va og'ir vositalarni ko'rasiz. "Tahrir" maydoni tunu kun gavjum. Yuzlab ming odamlar ko'chada.
Internetda fosh etilgan maxfiy hujjatda Misr Ichki ishlar vazirligi namoyishchilarga qarshi keskin chora ko’rishga qaror qilgani aytiladi.
Bu ish xavfsizlik xizmatiga yuklangan ekan, deydi hujjatni o'rganib chiqqan arab mutaxassis Dina G’urg’us.
“Maxsus agentlarni va politsiyani tayoq, pichoq va temir vositalar bilan ta’minlash va ularni oddiy fuqaro formasida omma ichiga safarbar etish… Mana Muborak hukumati xalqqa qarshi qanday ish tutmoqda. Bu juda beshafqat tuzum”, - deydi misrlik huquqshunos.
Misr rasmiylari buni rad etib, to’qnashuvlar omma orasida kechayotgan hollar, deydi.
Qohira ko’chalarida Amerikani Muborakka nisbatan qattiqroq gapirisihga undayotganlar ko’p.
Osama al-G’azaliy Harb, Misrning hozirda birlashgan muxolifati yetakchilaridan biri.
“AQSh va Obamadan norozimiz”,- deydi u. “Muborakdek vijdonsiz rahbarni ishonchli hamkor deb atab, xalqim yuziga tupurmoqda bu davlat”, - deydi u.
Vashingtonda ko’zga ko’ringan siyosatdon Skott Karpenter fikricha AQSh shoshmay harakat qilgani ma’qul, lekin kim tomonda ekanini aytish vaqti yetdi.
“Obama buyog’iga pozitsiyani oydinlashtirib, ochiqroq gapira boshlashi kerak. Gap yirik bir davlat, buyuk bir xalq tadqiri ustida ketmoqda. Amerika uchun Misr muhim bo’lsa, aytishimiz kerak biz kim tarafidamiz – Muborak yoki uning ketishini talab qilayotgan xalq”? - deydi Karpenter.
Arabshunos olim Antoni Kordesman nazarida esa tarafkashlik, Misr ichki siyosatiga aralashish AQShga qimmatga tushishi mumkin.
"Muborakka ket desangiz, uning o’rniga kim keladi? Atrofda ishonchli liderlar yo’q”,- deydi Kordesman.
Misr muxolifati birlashmoqda, ammo yagona yetakchi hali maydonga chiqmagan.
Vaziyatni boshqarish harbiylar iznida qolmoqda. Armiya xalq tomonda ekanini aytgan va qonli to’qnashuvlar to’xtamasa, Muborakka “kuning bitdi” deb chiqsa ajabmas.