Husni Muborakning xalqqa so’nggi murojaatidan keyin armiya xaloyiqdan tarqalishni so’ragan. “Tahrir” maydonida ot va tuya mingan odamlar namoyishchilarga hujum qilayotganini, raqib guruhlar tosh va tayoqlar bilan javob berayotganini ko’rish mumkin.
Misrni 1981 yildan beri boshqarib kelayotgan Husni Muborak sentyabr oyida rejalangan saylovlarda nomzodini qo’ymaslikka va’da bermoqda, ammo prezidentlik kursisini hozircha bo’shatmoqchi emas.
Muborakning “muddatim bitmaguncha prezidentlikdan ketmayman” degan so’zlari xalqni ikkiga bo’lib qo’ygan.
“Diktator hoziroq ketmasa, biz ham Tahrir maydonini tark etmaymiz” deyayotganlar ko’pchilik, ammo ular safida “prezident bizni tingladi, bizga endi tinchlik kerak, normal hayotga qaytaylik”, deb chiqayotganlar ko’p.
Misrning Aleksandriya va Suvaysh shaharlarida ham xuddi shunday manzara.
Bugundan boshlab mamlakatda internet yana ishlay boshlagan. Qonunchilar prezident va’da qilgan konstitutsion islohotlar ustida yaqin orada ish boshlaymiz, demoqda.
Muxolifat rahbari Muhammad al-Barodiy fikricha, Husni Muborakning yana 6-7 oy hokimiyatda qolishi xalqni azob-uqubatga qo’yadi. Oppozitsion guruhlar prezident qarorgohi tomon yurish qilamiz, deb ogohlantirmoqda.