Breaking News

Amerikada ayollarni siyosatga jalb etuvchi kampaniya avjida


Janubiy Karolina qonunchisi Mia Makleod "Uni sayla" mashg'ulotlari paytida
Janubiy Karolina qonunchisi Mia Makleod "Uni sayla" mashg'ulotlari paytida

AQShda saylovchilarning yarmini ayollar tashkil etadi, biroq davlat idoralarida ular erkaklarga qaraganda ancha oz.

Masalan, qonunchilarning 19 foizi ayollar – Kongressning Vakillar palatasida 435 deputatdan 104 nafari, Senatda esa 100 vakildan 20 tasi. 50 shtat gubernatorlaridan oltitasi hamda barcha shtatlar qonunchilarining salkam choragi ayollar.

Gap faqat raqamlarda emas, deydi huquqshunos Molli Lem.

Izlanish natijalari shuni ko’rsatmoqdaki, erkak va ayollar son jihatdan deyarli teng bo’lgan hukumatlar ishni yaxshiroq uddalaydi, korrupsiya kamroq va hamkorlik ko’proq ", - deydi u.

Mutaxassis ayollar nufuzining pastligiga ikki sabab ko’rsatadi. Birinchidan, deydi Lem, erkaklar odatda o’z imkoniyatlarini haddan yuqori baholaydi, ayollar esa haddan past.

Vashingtondagi Amerika universitetida “Ayollar va siyosat” instituti direktori Jennifer Lolesning qator ommaviy so’rov natijalariga ishora qilishicha, “davlat ishi uchun layoqatlimisiz?” degan savolga erkaklarning 60 foizi va ayollarning 40 foizi “ha” deb javob beradi, hatto rezyumelari bir xil bo’lsa ham. Unga ko’ra, ba’zi erkaklar ishni uddalay olishiga shubha qilsa ham saylovda qatnashaveradi, o’z kuchiga ishonmagan ayollar esa poygadan chiqadi.

Ikkinchi sabab, deydi Molli Lem, turli lavozimlarga nomzodini qo’ygan ayollarga munosabat erkaklarga qaraganda farq qiladi. Masalan, ularning tashqi ko’rinishini keng muhokama qilishadi, oiladagi vazifalari haqida ko’p so’roqqa tutishadi.

2009-yilda ayollar bilan ishlovchi bir nechta nodavlat tashkilot “Elect Her”, ya’ni “Uni sayla” loyihasini boshlab, bugunga kelib 50 shtatdagi universitetlarda talaba qizlar uchun har yili saylov kampaniyasi uchun uyushish va mablag’ to’plashni o’rgatuvchi amaliy seminarlar o’tkazib keladi.

Bu tadbirlarda siyosatchilar ham qatnashib, o’z yutuq va xatolari bilan o’rtoqlashadi. Ishtirokchi qizlar mashq qilish mnaqsadida olgan bilimlarini tashkillashtirilgan saylov kampaniyasida ishga soladi.

Lemning ularga tavsiya qilishicha, saylov kampaniyasida ishtirok etishdan oldin o’zlarini tashvishlantirgan biror dolzarb muammoni tanlab, butun bilim va harakatni bu muammodan jabr ko’rayotgan elektoratni va muammoga yechimni topish kerak.

Tadbirda o’z tajribasi bilan o’rtoqlashgan Janubiy Karolina shtati senatori Mia Makleod 2010-yilda saylanish oson bo’lmaganini aytadi.

“Men tarixan respublikachilarga ovoz beruvchi shtatda nomzodini qo’ygan demokrat, ayol kishi va qora tanli da’vogar edim”, - deydi u.

Unga ko’ra, erkak nomzodlarga qarshi saylovda kurashish qiyin bo’ldi. Ikki o’g’lim menga kuch bag’ishladi, deydi u.

“Ular menga “agar jarayonda qatnashishni istamasangiz, unda hayotdan shikoyat qilmang” dedilar”, - deydi sobiq lobbichi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG