Ikkinchi Jahon urushi davrida kemalar va samolyotlarni qurishda yordam bergan ayollarni "Rosie the Riveter" - Temir Rouzi deya atashgan. Rassom Norman Rokvell bu qiyofani topib chizgan. Bugun ayollar og’ir sanoatda band. Los-Anjelesda xotin-qizlarning mehnatiga bag’ishlangan ko’rgazma o'tdi.
Xotin-qizlar tank, boshqa og’ir aslahani qurgan. Ikkinchi jahon urushi yillarida front ortida qattiq mehnat qilgan.
Zamonaviy Rouzilar poyezdlar va tramvaylarni qoyillatib yasaydi. Los-Anjelesdagi vokzalda bu ayollarning ishini sharaflovchi ko’rgazma o’tdi.
Konni Makkoy Oxayodagi Simens zavodida poyezdlar uchun qismlarni yasab o’rnatadi. Og’ir sanoatda maosh yaxshi:
“Bundan tashqari, qo’l mehnati baribir boshqacha”.
Mexanik Eymi Rasmussen Kaliforniyada, Yaponiyaga qarashli Kin-Ki-Shar-Yo kompaniyasi zavodida yengil tramvaylarni yasaydi. Aksariyat hamkasblari erkaklar. Yaqinda rahbarlik lavozimiga o’tdi.
“Hech muammo bo’lgan emas. Boshida sal ikkilanishdi, lekin qilayotgan ishimni ko’rib, rahbarlik ishiga olishdi. Qo’limdan ko’p ish keladi”, - deydi Rasmussen.
Janubiy Kaliforniya universiteti o’tkazgan so’rovga ko’ra, bugungi Rouzilar temiryo’l sanoatida ishchi kuchining faqat 13 foizini tashkil etadi. Butun sanoatda ular bor-yo’g’i 30 foiz. Lekin qilayotgan ishlari salmoqli, deydi Jobs to Move America tashkilotidan Madelin Jenis:
“Payvandchi, elektrik, montajchi. Bu ayollar hamma to’siq va qarashlarni yengib o’ta oldi. Og’ir kasblarga ishga o’rnashish uchun yaxshigina jasorat kerak”.
“Bunyodkor ayollar” nomli ko’rgazmada ayollarning Ikkinchi Jahon urushidagi faoliyatini ko’rasiz. Bundan tashqari, bugun xotin-qizlar qilayotgan 15 murakkab kasbni ham. Nufuzli Pulitser mukofoti sohibi, fotograf Din Fitsmoris ko’rgazma uchun ayollarni suratda oldi:
“Fotojurnalist sifatida asosan erkaklar hukmron sohada ishlayman. Shu sababli bu ayollarni juda yaxshi tushunaman. Rouzi – mustahkam iroda, tinimsiz mehnat va kuch-qidrat timsolidir”.
Sobiq mehnat vaziri, Los-Anjeles mutasaddisi Xilda Solisning aytishicha, nufuzli ishlarda xotin-qizlar hanuz ozchilik:
“Siyosiy lavozimlar va katta korporatsiyalarda ayollar ko’proq sonni tashkil etishi kerak”.
Sanoatda ish o’rinlari esa oshib borayapti, deydi Kaliforniya Temiryo’l ma’muriyatidan Mishel Baym:
“Kaliforniyada ajoyib, bir necha milliard dollarlik qurilish dasturi ustida ish ketayapti. Ko’plab xotin-qizlar xizmatda muvaffaqiyat qozonishi uchun ham yaxshi imkoniyat bu”.
Jahonning barcha o’sayotgan iqtisodiyotlarida Rouzilarga talab katta.