Breaking News

Turkiya prezidenti salohiyatini yanada kuchaytirishga shay


Turkiya Prezidenti Rajap Toyib Erdog’an hokimiyatni parlament tizimidan prezidentlik tizimiga o’zgartirmoqchi. Buning uchun u yangi konstitutsiyani qabul qilish rejasini ilgari surmoqda. Mamlakatni aylanayotgan Erdog’an prezident tizimining afzalliklariga urg’u berib, chiqishlar qilmoqda. Ammo parlamentda bu taklifga qarshilar kam emas.

Siyosiy partiyalar vakillaridan tarkib topgan konstitutsion komissiya uchinchi yig’indan keyin tarqab ketdi. Yangi qomusni umumxalq referendumga chiqarish uchun Prezident Erdog’an rahbarligidagi “Adolat va taraqqiyot” (AK) partiyasi deputatlarining ovozi kamlik qiladi.

“Al-Monitor” internet saytining siyosiy sharhlovchisi Qadri Gurselning aytishicha, prezident muddatidan oldin saylov o’tkazish ustida o’ylanmoqda.

“Agar parlamentda muxolifatning prezidentlik tizimini ko’zda tutuvchi yangi konstitutsiya loyihasini qo’llab-quvvatlovchi kamida 20 a’zosi topilmasa, Erdog’an yangi parlament saylovlarini o’tkazishga qaror qiladi. Buning uchun muxolifatni Turkiyaga taraqqiyot yo’lidan borishda, dolzarb masalalarni hal qilishda g’ov bo’layotganlikda ayblash kifoya”, - deydi Gursel.

Prezident Erdog’an harbiy to’ntarish natijasida hokimiyatga kelgan rahbarlar 1982-yilda qabul qilgan Konstitutsiyaga ko’ra amal qilayotgan parlament tizimi o’rniga kuchli prezident tizimi kerakligini ta’kidlab bayonotlar bermoqda, mamlakat bo’ylab kampaniya boshlab yuborgan.

Erdog’anning ta’kidlashicha, tez iqtisodiy taraqqiyotga erishish uchun prezident faoliyatini parlament tomonidan cheklamaslik zarur. Tanqidchilar fikricha, bunday tizim diktaturani anglatadi. Biroq, deydi jurnalist Gursel, Turkiya kurd isyonchilari bilan yangidan olishar, qo’shni Suriyadagi urush Turkiya chegarasida ham aks-sado berarkan, Erdog’an va tarafdorlarining bu masalada qo’li baland kelish ehtimoli yuqori.

“Masalan, Erdog’anni qo’llab-quvvatlovchi gazeta “prezidentlikmi yoki tartibsizlik” kabi sarlavhalar ostida materiallar chop etmoqda. Bundan buyon Erdog’an matbuot yordamida “agar kuchli prezident bo’lmasa, Erdog’an kabi yetakchi bo’lmasa, unga moslashtirilgan prezident tizimi bo’lmasa, Turkiyaning holi voy bo’ladi” qabilida kampaniya olib boradi”, - deydi Qadri Gursel.

Davlat rahbari konstitutsiyani o’zgartirishga intilar ekan, umumiy saylovlar shu yilda o’tkazilishi mumkin, degan taxminlar kuchaymoqda. Ammo, “Global Source Partners” konsalting firmasining siyosiy maslahatchisi Atilla Yesiladaning fikricha, prezident Turkiya siyosiy sahnasidagi eng ulkan arbob bo’lishiga qaramay, ikki yilda uchinchi marta saylov o’tkazish xato bo’lishi mumkin.

“Mamlakat uchun og’ir damlarda odamlarga kuchli lider kerak, ammo agar qiyinchiliklar uzoq davom etsa, xalq liderga ishonmay qo’yadi. Demak, agar Erdog’an bu gal ham muddatidan erta saylov o’tkazishga qaror qilsa, jazolanishi mumkin - og’ir iqtisodiy ahvol uchun, mamlakatdagi qiyinchiliklar uchun. Mustaqil so’rov natijalariga ko’ra, aksariyat turkiyaliklar prezidentlik tizimi ma’qulroq ekaniga shubha bilan qaramoqda”, - deydi Yesilada.

Ma’lumotlarga ko’ra, Erdog’an rahbarligidagi partiya saflarida ham prezident vakolatini oshirishga qarshilar ko’p. Biroq Erdog’an partiyani ham, matbuotni ham qattiq nazorat qiladi, demak, uning maqsadiga erishishi qiyin bo’lmaydi, deydi kuzatuvchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG