Breaking News

Adliya vazirligida "Erk" partiyasi faollari bilan uchrashuv o'tgan


O’zbekistonda siyosiy muxolifatga nisbatan taqiq olib tashlanmagan, ammo muloqotga kirishilmoqda. Bu Adliya vaziri Ruslanbek Davletov va muxolifatdagi “Erk” partiyasi vakillari o’rtasidagi uchrashuv ortidan ma’lum bo’lmoqda.

Adliya vazirligidagi uchrashuv mamlakat rahbariyati tomonidan siyosiy muxolifatga doir qilingan qator bayonotlardan umidlangan “Erk” partiyasi faollarining vazirlikka kiritgan arizasiga muvofiq o‘tkazilgan.

Vazirlikka murojaat tashabbuschilaridan biri, “Erk” markaziy kengashi a’zosi A’zam Turg’unovga ko’ra, ariza mohiyati muxolif partiya faoliyatini tiklashga ruxsat olishdan iborat bo’lgan.

“So’nggi paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev, [Markaziy saylov komissiyasi raisi] Mirzo-Ulug’bek Abdusalom va boshqa rasmiylar siyosiy muxolifatga doir turli bayonotlar qilishdi. Prezidentning muxolifatning qanday bo’lishiga doir fikri o’ziga havola. Lekin men aynan shu bayonotlardan kelib chiqib muxolifat faoliyatini tiklash, bu boradagi mavhumlikka oydinlik kiritish maqsadida Adliya vazirligiga borgan edim. Nima maqsadda kelganimni aytdim, menga arizangizni qoldiring, keyin o’zimiz chaqiramiz deb aytishdi. Bir necha kundan keyin telefon qilib, uchrashuvga taklif qilishdi. Partiya faollaridan bir necha kishi ariza bilan bordik, maqsad siyosiy partiyani faoliyatini tiklash edi. Bizni Adliya vaziri Ruslan Davletovni o’zi qabul qildi. Yosh bilimli rahbar, ammo arizamizni rad etdi, muxolif partiya mavjudligini tan olmadi. Nazarimda, Davletov o’ziga o’rgatilgan gaplarni aytdi. Men muxolif partiyalar faoliyati Adliya vazirligi emas, maxsus xizmatlar vakolatidagi masala sifatida qolayotganiga ishonaman”, - deydi Turg’unov.

Uchrashuv aniq bir natija bilan yakunlanmagan. Muxolifatga doir so’nggi bayonotlaridan umidlangan faollar vazirlikka kiritilgan arizaga yozma javob berilishini kutishmoqda.

Faollarga ko’ra, Ruslanbek Davletovning qabuli mamlakatda muxolifatdagi siyosiy kuchlar faoliyatiga ruxsat emas, shunchaki hukumat muloqotni rad etmayotganiga ishora, xolos.

Vazir uchrashuvda “Erk” faollarining muxolif partiya 1991-yilda aynan shu vazirlikda ro’yxatdan o’tkazilganiga doir da’volarini rad etgan, vazir noqonuniy harakatlarda ayblangan shunday muxolif partiya mavjudligini unutishni maslahat bergan.

Ma’lumotlarga ko’ra, Adliya vazirligida shu kabi uchrashuv muxolifatdagi “Birlik” partiyasi bilan ham o’tkazilgan. “Birlik” faollari ham o’z arizalarini qoldirib ketishgani aytiladi.

O’zbekistonda uzoq yillar taqiq va tazyiq ostida bo’lgan har ikki siyosiy partiyaning tarixi 90-yillarga borib taqaladi. “Erk” lideri Muhammad Solih O’zbekiston tarixidagi dastlabki prezidentlik saylovlarida (1991-yil) marhum Islom Karimovga raqib sifatida qatnashgan edi.

Siyosiy muxolifatga ta’qiblar ham aynan shu dastlabki prezidentlik saylovlari ortidan, Karimov g’alabasidan so’ng boshlangan. O'shanda muxolif siyosiy partiyalar faoliyati taqiqlandi, ko’plab faollari qamoqqa tashlandi, ayrimlari xorijga chiqib ketishga majbur bo’ldi.

Muxolifat va amaldagi hukumat muloqoti mamlakatda hokimiyat almashishi ortidan kuzatilmoqda. Karimov o’limi ortidan muddatidan avval prezidentlik saylovlari o’tdi. Muxolifat ishtirokisiz o’tgan bu saylov islohotlar va’dasidagi Shavkat Mirziyoyevning yaqqol g’alabasi bilan yakunladi.

Yaqinda parlament saylovlari ham siyosiy muxolifatsiz o’tkazildi. Navbatdagi saylovning ham raqobatsiz o’tayotganiga oid tanqidlar siyosiy muxolifatda savollarni yuzaga chiqardi.

Hukumatning bir qator rasmiylari, jumladan Prezident Mirziyoyevning o’zi ham poytaxtdagi uchrashuvlardan birida siyosiy muxolifat yuzasidan bayonot qilishdi.

Prezidentning bayonotiga ko’ra, u siyosiy muxolifat bo’lishiga qarshi emas, faqat bu muxolifat mamlakatning ichkarisida yetishgan, yurt muammolarini boshdan kechirgan bo’lishi kerak. Mahalliy matbuotda bu bayonot Mirziyoyevning xorijdan keladigan muxolifatga qarshi ekanligi sifatida taqdim etildi.

Prezidentning mazkur bayonotiga qadar Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulug’bek Abdusalomov, Senat raisi o’rinbosari Sodiq Safoyevlar ham munosabat bildirishgan, siyosiy muxolifat mamlakatning ichkarisida bo’lishi lozimligiga diqqat qaratishgan edi.

“Muxolifat yetakchilari, faollari istalgan joyda yashashi, faoliyat qilishi mumkin, buning biror notabiiy tomoni yo’q. Qolaversa, ularning hech biri o’z xohishiga ko’ra mamlakatni tark etgani yo’q, shunga majbur bo’lishgan. Adliya vazirligidagi uchrashuv siyosiy islohotlardan darak emas - muxolifat, nodavlat tashkilotlar taqdirini qonunlar emas, avvalgidek boshqa bir idora hal etadi. Men bungacha ham Adliya vazirligiga inson huquqlari bo’yicha nodavlat tashkilotni ro’yxatdan o’tkazish yuzasidan murojaat qilgan edim, o’shanda menga buni ular emas, boshqa bir idora hal etilishiga ishora qilishgan edi. Gap siyosiy bir tashkilot faoliyati haqida borar ekan, bu tartibda o’zgarish bo’lishini kutish qiyin”, - deydi A’zam Turg’unov.

Amaldagi hokimiyatning muxolifatga doir so’nggi paytdagi bayonotlari, jumladan, 10-yanvar kuni Adliya vazirligida “Erk” partiyasi faollari bilan o’tgan uchrashuv ham, hukumatda siyosiy erkinliklarga doir qaror shakllanmagani, boshqariladigan muxolif partiya yaratishga urinishlar mavjudligidan darak o’laroq baholanmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG