Breaking News

So'rov: Yevropada musulmon muhojirlarga qarshilik kuchli


Yevropada musulmonlarga qarshilik
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:31 0:00

Londondagi Chatam uyi o’tkazgan so’rovga ko’ra, musulmonlarga qarshi Tramp boshlagan immigratsiya siyosati ortidan Yevropada ham shunday choralar ko’rilishi kerak, deb hisoblovchilar soni ozaygan. Ammo bu yerda muhojirlarga qarshilik hanuz kuchli.

Bilol Al Nosir 2015-yil Germaniyaga kelgan bir milliondan ortiq qochoqlardan biri. Damashqdagi uyiga raketa tushgan. Boshida hanuz bombaning bir parchasi bor.

“Shifokorga bordim. Boshimni operatsiya qilish kerak. Shundan keyin maktabga borib nemis tilini o’rganmoqchiman”, - deydi u.

Jarrohlik amaliyotini kutar ekan, Bilol hozircha xayriya tashkilotidan ko’mak olyapti.

“Germaniya muhojirlardan qanday foydalanishi mumkin? Federal va shtat hukumatlari shunga e’tibor qaratyapti. Hozir asosiy ehtiyojlar - til kurslari, boshpana va oziq-ovqat bilan ta’minlashyapti. Endi jamiyatga qo'shilishlari kerak”, - deydi xayriya tashkiloti vakili Ronni Frenzel.

Drezden shahriga bu o’zgarishlar ma’qul emasdek. Bu yerda G’arbning islomlashishishga qarshi vatanparvar yevropaliklar - PEGIDA harakati dunyoga kelgan. Har dushanba ular shaharda yurish qiladi. Harakat tarafdorlaridan biri - jurnalist Renate Sendvos.

“Musulmon madaniyati” men uchun madaniyat emas. Bu so’zni qo’shtirnoq ichida aytdim. Germaniya madaniyatidan mutlaqo farq qiladi va bu yerga mos emas”, - deydi u.

Ko’plab germaniyaliklar u bilan hamfikr. Chatam uyi so’rovida 53 foiz qatnashchi musulmonlar kelishiga qarshiligini aytgan.

Ikki yil avval PEGIDA harakati boshlanganda, tashkilotchilar uning butun Yevropaga yoyilishini umid qilgan edi. Hozircha bu sodir bo’lgani yo’q.

Buning sababi bor, deydi Drezden universiteti professori Verner Patzelt.

“To’g’risi, PEGIDA juda muvaffaqiyatli chiqdi. Faqat boshqacha ko’rinishda. PEGIDAning siyosiy partiyasi bor”, - deydi u.

Harakatga mansub “Germaniyaning muqobili” nomli partiya sentabrdagi saylovlarda uchinchi eng yirik partiyaga aylanishi mumkin. U Yevropadagi ultra o’ng qanot guruhlardan biri.

“Immigratsiyani to’xtata olmaymiz. Yevropa bo’ylab muhojirlarni teng taqsimlashning ham iloji yo’q. Yevropaning integratsiya jarayonida bu jiddiy muammo”, - deydi professor Patzelt.

Ammo so’nggi so’rovlarga ko’ra, PEGIDA partiyasini qo’llab-quvvatlovchilar kamaymoqda. Global beqarorlik saylovda immigratsiyadan ko’ra, iqtisodiyotni birinchi o’ringa olib chiqishi mumkin. Muammo muhojirlarni iqtisodiyotining bir qismiga aylantirish, deydi tahlilchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG