Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari bugun Bryusselda terrorga qarshi choralar xususida gaplashdi.
Bugungi majlisda Arab Ligasi Bosh kotibi Nabil al-Arabiy ham qatnashdi. Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo'yicha mas'ul rasmiysi Federika Mogerini terrorizmga qarshi kurashda musulmon davlatlar, arab dunyosi bilan hamkorlikni kuchaytirishga chaqirdi.
Fransiyadagi xurujlar va Belgiyadagi aksilterror reydlar ketidan xavfsizlikni kuchaytirishga ehtiyoj tug'ildi. Vazirlar kelasi oy terrorizmga qarshi kurashga bag'ishlangan sammitga hozirlanmoqda.
"Tahdid bilan faqat Parij yuzlashayotgani yo'q. U dunyoning boshqa joylariga ham tarqalmoqda. Shu sabab hamkorlikni oshirish kerak", - deydi Mogerini.
Belgiya Adliya vaziri Koen Ginsning aytishicha, Parij xurujlarini rejalagan shaxs qidiruvda ekan, vaziyat tarangligicha qolmoqda.
Abdulhamid Abbaudning Gretsiyaga qochgani haqida ma'lumot olingach, u yerda to'rt kishini ushlashdi, ammo Abbaud ular orasida yo'q. Belgiya hibsga olinganlardan birining Bryusselga chiqarilishini so'ramoqchi.
Asli Marokashdan bo'lgan 27 yashar Belgiya fuqarosi Abbaudning ekstremistik guruhga bosh bo'lgani aytiladi. Ular politsiyaga qarshi yirik xuruj rejalagan, ammo reja fosh bo'lib, payshanba kungi reyd paytida guruhning ikki a'zosi otib o'ldirilgan.
Parijda "Sharli Ebdo" satirik jurnali tahririyatiga hujum qilgan aka-uka politsiya o'qidan o'lgan. Ularning qayerga dafn etilgani sir saqlanmoqda. Hujum ketidan terrorchilarga xayrixohlik bildirgan bir odam shahar teveragida yahudiylar do'konidagi xaridorlarni garovga olgan edi. Politsiya do'konga bostirib kirib, uni o'ldirgan.
Matbuotdagi xabarlarga qaraganda, asli Malidan bo'lgan Lassan Batili ismli odam bir necha xaridorni yerto'ladagi refrijiratorda yashirib, o'zi politsiyaga xabar berish uchun qochgan. Do'kon ishchisining bu harakatidan xabar topgan Fransiya Prezidenti Fransua Olland unga fuqarolik berishni buyurgan.