Breaking News

AQSh, Britaniya terrorizmga qarshi hamkorlikni oshiradi


Oq uy, 16-yanvar, 2015
Oq uy, 16-yanvar, 2015

Qo'shma Shtatlar va Britaniya terrorizmga qarshi kurashni kuchaytiradi va hamkorlikni oshiradi.Prezident Barak Obama va Bosh vazir Deyvid Kameron Vashingtondagi ikki kunlik muzokarani shunday bayonotlar bilan yakunladi.

Har ikki davlat yaqinda terror xurujlarini boshdan kechirgan Fransiya bilan yonma-yon turishini, Yevropa bo'ylab ekstremizmni bartaraf etish yo'lida birgalikda harakat qilishini bildirmoqda.

"Asosan so'nggi xurujlar, Yevropa tinchligiga tahdid solayotgan omillar, Fransiya va qo'shni jamiyatlar oldidagi masalalar haqida gaplashib oldik",- deydi Obama.

Kameron deydiki, islomda ayb yo'q. Gap bu dinni niqob qilib olgan yovuz kuchlarda, zaharli mafkurani yoyishga urinayotgan jinoyatchilarda, deydi u, Yevropada musulmonlarga qarshi munosabat kuchaymoqda deya xavotirlar haqida so'zlar ekan.

Belgiya, Fransiya va Germaniyada kecha o'nlab odamlar terrorizm gumoni bilan hibsga olingan. O'tgan hafta Fransiyada bo'lgani kabi yahudiylarga qarshi xurujlar boshqa davlatlarda ham qilinishi mumkin degan qo'rquv keng tarqalgan.

Yevropa bo'ylab, xavfsizlik kuchlari soni oshirilgan. Kattayu kichik shaharlarda choralar kuchaytirilib, ko'proq politsiya safarbar etilmoqda. Ekstremist kuchlar safiga qo'shilgan yoshlar haqida yangi ma'lumotlar chiqar ekan, surishtiruv va tekshiruvlar avjida.

Oq uydagi muzokaralarda Britaniya va AQSh rahbarlari Ebola virusiga qarshi kurash, Rossiyaning Ukrainadagi xatti-harakatlariga nisbatan chora ko'rish, Eron atom dasturi va kiber-xavfsizlik xususida ham gaplashdi.

Ikki rahbar qo'shma harbiy, kiber mashqlar o'tkazish rejasini e'lon qildi. Xususan, banklarga hujum qilingan taqdirda qanday himoya chora ko'rish mashq qilinadi.

Britaniya rasmiysi Prezident Obamadan "Facebook" va "Google" kabi kompaniyalarni ham jalb qilishga undamoqda.

Xususan, bu texnologik kompaniyalar foydalanuvchilar almashgan maxfiy yozishmalarni hukumat tekshirishiga ruxsat bersin.

Bu nihoyatda nozik mavzu. Amerikada hozirning o'zida hukumat millionlab amerikaliklarning telefonlarni tekshirgani yuzasidan e'tirozlar tinmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG