Ko’pchilik odamlar uchun bitkoin va kriptovalyutalar hamon sirligicha qolmoqda. Lekin texnologiya sanoatida bu turdagi mablag’ ayollar boshqarayotgan startap bizneslar uchun qo’l keladi.
Texnologiya olamida yirik g’oyalar uchun sarmoya topish muammo emas. Ayniqsa, ular erkaklardan chiqsa. Lekin ayollarning imkoniyati cheklangan.
“Starap bizneslarga moliya ajratadigan investorlarning 94 foizi erkaklar. Tabiiyki, ayollar uchun bu sarmoyalardan foydalanish qiyin. Ustiga-ustak jinsiy nomutanosiblik hali ham bor”, - deydi “Shervorks” kompaniyasi menejeri Lisa Vang.
Ishbilarmon ayollar qo’l quvushtirib o’tirgani yo’q. Moliyalashtirishning boshqa yo’llarini qidirishyapti. So’nggi paytda ular e’tiborni blokcheyn va kriptovalyutalarga qaratmoqda.
“Blokcheyn tizimi vositachilarsiz, ya’ni ishlab chiqaruvchi va iste’molchini to’g’ridan-to’g’ri bir-biriga bog’lashni ko’zda tutadi”, - deydi “Konsensis” kompaniyasidan Karolina Rekov.
Vositachilarsiz ish yuritish pul yig’ish ishlariga ham qulay. Biznes egalari blokcheyn orqali virtual valyuta jamg’arishlari mumkin.
“Bu tizimda erkaklar nazorati yo’q, bunday tushunchaning o’zi yo’q. Bemalol kelib qo’shilishingiz, nimadir bunyod etishingiz mumkin”, - deydi Mixail Mak-Kormak.
U “Kasting koin” kompaniyasi asoschisi. U o’zi yaratgan virtual valyuta orqali brendga aylangan kompaniyalarni bir-biri bilan bog’lashni rejalamoqda.
“Shu paytgacha erkaklar nazorat qilib kelgan an’anaviy sarmoya kompaniyalarini aylanib o’tib, bu ochiq olamda ayollar istagan ishlarini qilishlari va o’z salohiyatlarini namoyish etishlari mumkin”, - deydi Karolina Rekov.
Ammo texnologiya hali to’la ommalashmagan.
“Hozir bu tizimga virtual mablag’ juda tez kirib kelyapti. Mablag’ yig’ishning bunday usuli qanchalik yashab qoladi, bu noma’lum. Muvaffaqiyatga erishdik deyishga hali erta”, - deydi Lisa Vang.
Shijoatli ayollar uzoqni ko’zlab shu ishlarni qilayotganini aytadi.
Facebook Forum