Breaking News

Iroq, Suriyada jang qilayotgan xorijliklar soni kamaymayapti


"Islomiy davlat" ekstremistlar guruhiga qo'shilish uchun Suriya va Iroqqa jo'nab ketayotganlar katta sonni tashkil etadi. Razvedka idoralari so'nggi raqamlarni e'lon qildi: Suriyada urush boshlanganidan beri kamida 120 mamlakatdan 36500 odam jangarilar safiga qo’shilgan. Shulardan 660 nafari G’arbdan.

2015-yilning oktabr oyida quyidagi raqamlar keltirilgan edi: "Islomiy davlat" a'zolari 30 mingdan oshiq va 115 mamlakatdan. Ular orasida g’arbliklar 4500 nafar.

Guruh a'zolari ko'paygan bo'lsa-da, amerikalik jangarilar soni o'sha-o'sha, deya bildiradi AQSh razvedka xizmatlari.

Suriya va Iroqqa qariyb 250 amerikalik jang qilish uchun borgan yoki borishga uringan. Ularning 24 nafari janglarda halok bo’lgan.

Xorijiy jangarilar soni biroz oshganini rasmiylar qisman Yaqin Sharqqa yo’l olayotganlarni aniqlash osonlashgani, aniqroq ma'lumotlar qo'lga kiritilgani bilan izohlaydi. Boshqa tarafdan, urush zonalariga borish qiyinlashgan.

“Nafaqat Qo'shma Shtatlar, balki boshqa davlatlar ham jiddiy choralar ko'rmoqda," - deydi sobiq razvedkachi, konsalting firmasi xodimi Patrik Skinner.

Uning aytishicha, xorijiy jangarilarning aksariyati 2014-yil iyunida "Islomiy davlat" Iroqning Mosul shahrini bosib olganidan keyin mintaqaga borgan.

“Bu oqimni batamom to’xtatish qiyin”, - deydi u.

AQSh Kongressida bu masala muntazam muhokama qilinadi.

“Muammo yechilmayapti. O’tgan yili xorijiy jangarilar soni 25 mingga teng edi”, - deydi Vakillar palatasining Ichki xavfsizlik qo’mitasi raisi Maykl Makkol.

Iroq va Suriyadagi xorijlik jangarilar qaysi mamlakatlardan kelgani ko'rsatilgan xarita
Iroq va Suriyadagi xorijlik jangarilar qaysi mamlakatlardan kelgani ko'rsatilgan xarita

O'tgan yil davomida “Islomiy davlat” safi har oy 1000 kishiga kengayatoyotgan edi. Aksariyati Turkiya orqali Suriyaga o’tadi. Anqara ko’rayotgan choralar yetarli emas, deydi ayrim kuzatuvchilar.

“Bu Turkiyadagi kontrabandachilar orqali amalga oshiriladi. Ular Turkiya hamda Iroq va Suriyada faol”, - deydi Kanada razvedkasining sobiq xodimi Mubin Shayx.

Yana bir muammo shundaki, jihodchilar internetdagi targ'iboti bilan Yevropadagi ayrim yoshlar va ayollarga ta'sir o'tkaza olayapti.

“Ularga ergashayotganlarning yoshi o’rta hisobda 24 da, xotin-qizlar ham ko'p”, - deydi masalani o’rgangan David Sterman.

AQSh razvedkasi taxminlariga ko’ra, Rossiyaning Suriya mojarosiga qo’shilishi oqibatida jangarilar yanada ko’payishi mumkin.

“Rossiyaning Prezident Bashar Assad tarafida kurashayotganini jihodchilar o’z foydasiga ishlatadi. Moskvaning Afg’onistondagi harakatlari bugun Suriyada davom etmoqda qabilida targ’ibotni yo’lga qo’yadi”, - deydi razvedkachilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG