AQSh yetakchiligidagi koalitsiyaning “Islomiy davlat” (ID) jangari guruhiga qarshi kurashi jiddiy natija bermayapti. Boz ustiga, Suriya va Iroqqa xorijlik jangchilar oqimini kamaytirishga qaratilgan urinishlarni ham muvaffaqiyatli deb bo’lmaydi.
Shu kungacha koalitsiya terrorchilar istehkomlariga havodan 7000 dan ko’proq zarba bergan bo’lsa, ID o'z safini yangi a'zolar bilan to'ldirmoqda, deya tan oladi AQSh rasmiylari.
“IDga qo’shilayotganlarning aksariyati harbiy amaliyotni yaxshi biladi, ko’pi janglarda qatnashgan, katta tajribaga ega”, - dedi “Amerika Ovozi”ga ismini oshkor etmaslik sharti bilan gapirgan AQSh rasmiysi.
Unga ko’ra, Ramadi va Bayji kabi joylarda ID aynan taktikadagi mahorat hamda yangi a'zolar evaziga Iroq qo’shinlariga bas kela olgan.
Muammo shundaki, Turkiya-Suriya chegarasi yaxshi qo’riqlanmaydi. Oyiga qariyb 1000 xorijiy jangchi Suriya hududiga o’tmoqda.
AQSh qonunchilari ma'lumotiga ko’ra, Iroq va Suriyada taqriban 30 ming xorijiy jangari bor. Shundan 4500 nafari G’arb davlatlaridan, 2500 nafari amerikalik.
BMTning Nyu-Yorkdagi majlisida ham yangi raqamlar e'lon qilindi: so’nggi paytda xorijiy jangarilar soni 70 foizga oshgan, ular 100 dan ziyod mamlakat fuqarolari.
AQSh xavotiri shundaki, Rossiya Suriyada olib borayotgan harbiy operatsiyalar mamlakatga yangi jangchilarni jalb etishi mumkin.
“Bugungi terror guruhlarining ko'pi Afg’onistonda Sovet Ittifoqi qo’shinlariga qarshi kurashib, vujudga kelgan. Shu sababli agar ID Rossiya harbiy harakatlaridan oxirat haqidagi targ’ibotida foydalansa, turli avlod jihodchilari orasida ko’prik qura oladi, ya’ni Moskvaning Afg’onistonda boshlagan harakatlari Suriyada ham davom topdi, deb ta’kidlaydi”, - deydi rasmiy.
“Ular jihodchilarni o’ziga jalb qilish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda nihoyatda samarali kampaniya olib boryapti. Ammo biz IDga qarshi kurashimizni davom ettirar ekanmiz, ularning jozibasi yo’qoladi”, - deydi AQSh harbiy rahbarlaridan biri.
Boshqalar esa shubha bildirmoqda.
“Biz urushda yutqazyapmiz. Na ID mafkurasiga salbiy ta’sir qila oldik, na ularning yangi jangarilarni jalb qilishiga”, - deydi AQSh Kongressida nutq so’zlagan general Jek Kin.
Muammoga qarshi faqat global miqyosda kurashish samara berishi mumkin, deydi faollar.
“Men butun Yevropa bo’ylab musulmonlar bilan uchrashaman, AQShda ham. Hozirgi rejani amalga oshirish imkoni yo’q, deydi ular. Bunday rejani siyosatchilar va saylov haqida o’ylaydiganlar ishlab chiqqan”, - deydi norvegiyalik sobiq radikal Yusuf Barto Assidiq.
Qirg’izistondan faol Keneshbek Saynazarovning aytishicha, Markaziy Osiyodan ID safiga qo’shilayotganlar soni oshmoqda, ekstremistlar ijtimoiy tarmoqlar hamda tanish-bilishlar orqali, xususan, ayollar orasida targ’ibot olib boradi.
U boshqa omillar haqida ham gapiradi:
“Jangarilarga qo’shilayotganlarni Rossiyadagi qiyin iqtisodiy ahvol ham bunga majbur qilmoqda. [Rossiya] huquq-targ’ibot organlari va xavfsizlik xizmatining [markaziy osiyolik mehnat muhojirlariga nisbatan] adolatsiz choralari shunga olib kelyapti,” - deydi Saynazarov.
AQSh Vakillar palatasining Davlat xavfsizligi qo’mitasi raisi Maykl Makkol IDga qo’shilayotgan amerikaliklar soni kamaymayayotganidan xavotirda.
“Amerikaliklarning jang maydonlariga borishiga qarshi kurashda yutqazyapmiz. “Twitter” ijtimoiy tarmog’ida ID kuniga 200 mingta e’lon yozadi, ularni AQShning o’zida minglab odam o’qiydi. Ularda “o’ldir, harbiylarni yo’q qil, harbiy istehkomlarga hujum uyushtir”, deyiladi. Bunga qarshi kurashish juda qiyin”, - deydi u.
Shunga qaramay, rasmiylar kurashda siljish borligini aytadi.
Interpol, xalqaro politsiya tashkiloti, xorijiy jangarilarni aniqlash ma'lumot bazasida 4000 dan ziyod odamning barmoq izlari borligini ma’lum qildi.
Muammoning yana bir jihati – sunniy arab davlatlari siyosati. Ularning maqsadi Suriyadagi shialar hukumatini ag’darish ekan, u yerga jo'nab ketayotgan jihodchilarni to'xtatishdan bu hukumatlar manfaatdor emas.