Jahon razvedka idoralari bir muammo ustida bosh qotirmoqda. Nima uchun o'n minglab odamlar uy-joyini tashlab, qurolni qo'lga olib, "Islomiy davlat" to'dasi safiga qo'shilayapti?
Oxirgi tahlilning aniqlashicha, xalifalikka bosh urib kelayotgan odamlar har xil mintaqa va davlatlardan, turli ijtimoiy-iqtisodiy sinflardan bo'lsa-da, yurtidagi ahvoldan nihoyatda norozi.
"Islomiy davlat" ana shu kayfiyatni o'z foydasiga ishlatayapti, deyiladi tahlilda.
"Bu insonlar g'am-anduhga botgani terrorchi tashkilotga qo'l kelayapti", - deydi Neyt Rozenblatt (Nate Rosenblatt), "All jihad is local" (Hamma jihodning tagi bir) nomli izlanish mualliflaridan biri.
U 3500 dan ziyod ajnabiy jangchiga doir ma'lumotni o'rgangan. Bu ma'lumotni "Islomiy davlat" guruhi safidan qochgan odam havola qilgan.
Avvaliga qarasangiz, jangchilar bir-biriga o'xshamaydi.
"Bahrayndan kelgan jangchilar juda yosh, 19-20 larda. Xitoydan kelganlari juda keksa", - deydi Rozenblatt.
Biroq u har bir davlatdan chiqqan jangchining tug'ilib o'sgan tuman, mintaqasini o'rganib, o'xshash omillarni aniqladi.
"Bu viloyatlarda ayirmachilik, markaziy hukumatga qarshilik kayfiyati kuchli bo'lgan. Menimcha, bu insonlar o'z yurtida begona his qilib, "Islomiy davlat" e'lon qilgan xalifalikni vatan deya tanlamoqda", - deydi olim.
Boshqa izlanishlar ham o'xshash xulosani olg'a surayapti.
Amerikadagi harbiy akademiya, "West Point" terrorga qarshi kurash markazi e'lon qilgan tahlilga ko'ra ham, aksariyat ajnabiy jangchilar "Islomiy davlat" xalifaligiga qo'shilar ekan, hayotni tanlab boradi, o'limni emas.
Xitoydagi uyg'urlar orasida jangari to'da alohida targ'ibot ishlari yuritadi.
"Uyg'ur aholi azaldan ezib kelinadi. Hijob, soqol taqiqlangan", - deydi Rozenblatt.
"Islomiy davlat" esa sinfxonalarda o'qiyotgan, islom asoslarini o'rganayotgan yosh bolalar tasvirlangan videolarni tarqatadi. Bu bilan odamlarni o'ziga og'diradi, deydi Rozenblatt.
Tahlilga ko'ra, Xitoydan kelayotganlar oilalari bilan ko'chadi. Bahrayn va boshqa davlatlarda o'xshash manzara kuzatilmoqda.