O’sh shahridagi O’zbek milliy-madaniy markazi rahbariyati AQShning “Freedom House”, "Ozodlik uyi" tashkilotining faoliyatidan norozi. Ularga ko'ra, inson huquqlari tashkiloti tinchlik, millatlararo ahillikka putur yetkazmoqda. Markaz yaqinda o’zbeklar orasida so’rov o'tkazib bayonot chiqardi.
So'rov qatnashchilari Amerika guruhi ishidan tashvishda deyiladi unda. "Ozodlik uyi" esa Qirg'iziston matbuotidagi da'volarni rad etib, hukumat va fuqarolar bilan birga ishlashini aytadi.
Janubda taniqli ekolog Guljigit Matqasimov aksar G’arb tashkilotlarining Qirg’izistondagi faoliyatiga salbiy munosabatda. Uningcha, bunday tashkilotlardan o’lkaga naf yo’q.
“Ularning maqsadi - joylarda ma’lumot to’plash va kerak bo’lganda to’s-to’polon chiqarish”, - deydi Guljigit.
Suhbatdosh nazarida G’arb turmush tarzi targ’iboti asrlar davomida shakllangan milliy qadriyatlarga putur yetkazmoqda.
Matqasimov joylarda xorij tashkilotlari hamda ularning mahalliy hamkorlari faoliyati ustidan jiddiy nazorat o’rnatish tarafdori. Bunday taklif-tavsiyalar bot-bot ayrim mahalliy axborot vositalarida ham yangrab turadi.
Mahalliy kuzatuvchilar so'zlariga ko’ra, Qirg’iziston mintaqada eng ko’p G’arb tashkilotlari vakolatxonalari joylashgan o’lka hisoblanadi. Ushbu idoralar mamlakatga yirik amaliy-moddiy yordam ko’rsatayotgani sir emas.
Muhandis Janish Qo’ziboyev xalqaro tashkilotlarning aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, maorif va sog’likni saqlash sohalarida qilayotgan ishlarini olqishlaydi.
“Inson huquqlari tashkilotlariga kelsak, agar xolis ma’lumot berishsa, ularning ziyoni yo’q, foydasi shaksiz”, - deydi suhbatdosh.
O’shlik qalamkash Santalat Fayzullayeva fikricha:
“Qirg’iziston chet el tashkilotlariga yaqin davlat. Biz ko’p jihatdan ulardan umid qilamiz, shularga ko’z tikib yashaymiz. Bas, shunday ekan, biz ularning faqat shirin, yaxshi taraflarini maqtayvermasdan, achchiq, ta’na toshlari bor tomonlarini ham to’g’ri qabul qilishimiz kerak”.
Uningcha, mamlakat qonunlari xorij tashkilotlari faoliyatiga yo’l bergan ekan, o’lka ularni qabul qilayotgan ekan, bu o’rinda ham qonun ustuvorligiga rioya qilinishi lozim. Bunday tashkilotlarga bir xil munosabat darkor, ularni yaxshi-yomonga bo’lish to’g’ri emas, deydi qalamkash.
Kuzatuvchilarning aytishicha, e’tiroz va ta’nalar inson huquqlarini muhofaza qiluvchi tashkilotlarga qaratilayotgani odatiy hol.
“Sulaymon nuri” deb nomlangan inson huquqlari tashkiloti ko’p yillardan buyon xalqaro idoralar bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.
“Davlat o’zi mahalliy nodavlat tashkilotlar faoliyati uchun mablag’ ajrata olmagach, ular xorijdan ko’makka tayanadi va bu normal ko’rinish”, - deydi ushbu tashkilot rahbari Sodiqjon Mahmudov.
Suhbatdoshning so'zlariga qaraganda, ko’p hollarda aholi Qirg’izistonda ishlovchi chet el tashkilotlari borasida keng, har tomonlama, xolis ma’lumotga ega emas. Aynan axborot taqchilligi ham turli shubha va e’tirozlar paydo bo’lishiga sabab bo’lmoqda.
“Ma’lumot olgan, bilgan, tushunchaga ega odam u yoki bu tashkilot xususida o’zi xulosa chiqarishi mumkin”, - deydi Sodiqjon Mahmudov.