Qo’shma Shtatlarning O’zbekistondagi yangi elchisi lavozimiga Pamela Spratlen nomzodi ko’rsatildi. 60 yoshli tajribali diplomat oxirgi uch yil Qirg’izistonda elchilik qilgan.
Qirg’izistondagi elchixona, jumladan elchi Spratlen xonimning faoliyati mahalliy mutaxassislar tomonidan turlicha baholanadi. O’shdagi “Sulaymon nuri” nomli inson huquqlari tashkiloti rahbari Sodiqjon Mahmudov nazarida fuqaroviy erkinliklar masalasida ushbu diplomatik vakillikning arzirli amaliy ish qilgani ko’zga tashlanmaydi.
Sobiq diplomat, hozirda siyosatshunos Japar Birimqulovning aytishicha, Qo’shma Shtatlar tashqi siyosatida Qirg’iziston katta joy egallamaydi. AQSh harbiy bazasining Bishkek yaqinida turishi elchixona faolligini oshirgan.
Japar Birimkulov elchi xonimning bir necha bor jahl otiga minganini eslaydi.
“Bir gal – tashqi ishlar vaziri (Erlan) Abdyldayev elchiga jurnalistlar qarshisida aviabaza yopilishi borasida qaror qabul qilinishi sabablari va oqibatlarini aytayotganda u qo’pol ravishda vazir gapini bo’ldi. Va bu juda hunuk bo’ldi”, - deydi suhbatdosh.
Siyosatshunos nazarida Amerika harbiy bazasining yopilishini inobatga olganda, Pamela Spratlen amalda turgan uch yil davomida AQSh Qirg’izistondagi pozitsiyasinin ancha yo’qotdi.
“Lekin Spratlen xonimni 30 million aholisi bor, Markaziy Osiyoda alohida o’ringa ega va Amerika urg’u berayotgan O’zbekistonga yuborish qarori shuni ko’rsatadi-ki, Vashington fikricha, u Qirg’izistonda o’z vazifasini yaxshi ado etgan”, - deydi Japar Birimkulov.
Mahalliy matbuot axboroticha, o’lkada G’arb, jumladan, AQSh moddiy yordamiga tayanayotgan nodavlat tashkilotlar oz emas.
“AQSh tashqi siyosati uchun bu harakterli hol – ular ta’lim, madaniyat va boshqa sohalar uchun mayda grantlar berishadi. Ammo Qirg’iziston iqtisodi uchun katta real mablag’ berishmaydi-ku. Xitoy, Rossiya, hatto Yaponiya bilan taqqoslaganda amerikaliklar bilan ko’zga tashlanarli biron qo’shma loyiha yo’q. Ular Jahon Banki kabi moliya tashkilotlari orgali mablag’ berishayotganini aytishadi. Lekin AQSh harbiy bazasi Qirg’izistondan chiqishi ortidan bu ko’mak ham ozayishi ehtimol”, - geydi Birimkulov.
Taniqli qalamkash, Bishkekdagi “Golos svobody” sayti muharriri Abdumomin Mamaraimov deydi-ki, elchi Spratlen faoliyati Qirg’iziston boshidan kechirgan og’ir yillarga to’g’ri keldi. Ammo elchi o’z vazifasini munosib o’tashga erishdi, deyish mumkin.
Mamaraimov fikricha, AQSh elchixonasi faoliyatida ochiqlik, mahalliy matbuot va jamoatchilik bilan faol aloqalar yetishmaydi. Shu bois odamlar Amerika elchixonasi nima bilan mashg’ulligini uncha bilmaydi. Suhbatdosh nazarida jamoatchilikning ayrim tabaqalari orasida bot-bot aksilamerika kayfiyatlari ko’rinish berib turishiga ham ma’lum darajada elchixona, demakki, AQSh faoliyatini mahalliy aholiga to’g’ri yetkaza olmaslik sabab.
Bir gal – tashqi ishlar vaziri (Erlan) Abdyldayev elchiga jurnalistlar qarshisida aviabaza yopilishi borasida qaror qabul qilinishi sabablari va oqibatlarini aytayotganda u qo’pol ravishda vazir gapini bo’ldi. Va bu juda hunuk bo’ldi.
Suhbatdosh so’zlariga ko’ra, xorijiy tashkilotlar uchun ayniqsa mahalliy xalq tarixi, madaniyati, urf-odatlari, mentalitetini hurmat qilmoq va inobatga olmoq alohida ahamiyat kasb etadi.
“Menimcha, mahalliy seksual ozchilik huquqlariga ortiqcha urg’u berish amerikalik tashkilotlar va elchixona obro’siga putur yetkazdi. Natija teskari bo’ldi - aytilgan ozchilikka qarshi kayfiyatlar kuchaydi”, - deydi Abdumo’min Mamaraimov.
Mahalliy kuzatuvchilar fikricha, AQSh mintaqada o’z manfaatlari va ta’sirini saqlash hamda yanada kengaytirish imkonini qo’ldan bermaydi. Bishkekda elchixonaning yangi ulkan binosi, mahalliy aholi ta’biricha “elchixona shaharchasi” barpo etilishi bundan dalolat, deydi ular.
Elchi almashishi mumkin, bu tabiiy hol, ammo AQShning Markasiy Osiyoga nisbatan siyosatida hozircha jiddiy o’zgarish bo’lishiga ishora ko’rinmaydi, deya xulosa qiladi qirg’izistonlik tahlilchilar.