Breaking News

Fransiya maxsus kuchlari Afrikada jangarilar bilan olishmoqda


Fransiya Afrikaning ikki davlatida islomiy radikal guruhlarga qarshi harbiy operatsiya o’tkazib, uch askaridan ayrilgan. Mali janubida vertolyot uchuvchisi, Somalida esa yana ikki zobit nobud bo’lgan.

Rasmiylarning aytishicha, Fransiya havo hujumlari natijasida jangarilar Mali shimolidagi Konna shahridan haydab chiqarildi. Qo’shni davlatlardan ham zudlik bilan qo’shin safarbar etilmoqda.

Bunga javoban, al-Qoidaga aloqador Ansar Din guruhi butun musulmon dunyosi bo’ylab fransuz fuqarolarini nishonga olishi haqida ogohlantirdi. Ayni paytda Fransiyada xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Mudofaa vaziri Jan-iv Le Drianning ta’kidlashicha, radikal kuchlar Mali shimolidagi hududlarni bosib olgani nafaqat mintaqani balki Yevropa xavfsizligini tahdid ostiga qo’yadi. Bir paytlar Fransiya koloniyasi bo’lgan Mali hujumni qaytarishda yordam so’ragan edi.

“Mali terrorist davlatga aylanishi xavfi bor ekan, biz chetdan qarab tura olmaymiz. Xalqaro qonunlarga muvofiq holda hamda Mali hukumati bilan hamkorlikda chora ko’ramiz”, - deydi Fransiya prezidenti Fransua Olland.

So’nggi ma’lumotlarga qaraganda, jangarilar chekinganidan so’ng Konna shahrida Mali qurolli kuchlari nazorat o’rnatgan.

O’tgan yilning bahorida Malida harbiy to’ntarish amalga oshirilganidan beri mamlakat shimolini terrorchi guruhlar egallab olib, shariat qonunlarini joriy etgan. Markaziy hukumat shimolda birgina shaharni nazorat qiladi.

Sal avval, Mali muvaqqat rahbari Diunkunda Traore favqulodda holat e’lon qilib, xalqini, yoshu qarini terrorizmga qarshi kurashga da’vat etgan edi. Islomiy jangarilar poytaxt Bamakoga yurish rejalayotgani haqidagi razvedka ma’lumotlari bunga sabab bo’lgani aytiladi.

Fransiya Mudofaa vaziri Jan-iv Le Drianning bayon qilishicha, fransuz zobitlari hududda qancha kerak bo’lsa shuncha vaqtgacha qoladi.

“Maqsad nafaqat jangari hujumlarini qaytarish, balki Malida barqarorlikni ta’minlash, Fransiya va Yevropaning boshqa mamlakatlari fuqarolarini himoya qilishdir”, - deydi vazir.

Afrika sharqidagi Somali davlatida esa garovda saqlangan fransuz fuqarosini ozod etish bo’yicha harbiy operatsiya muvaffaqiyatsiz yakunlangan.
Deni Aleks
Deni Aleks

Al-Shabab jangarilari tomonidan 2009-yildan beri garovda saqlangan Deni Aleks reyd paytida halok bo’lgani taxmin qilinmoqda.

Lekin jangarilar Deni Aleks tirik ekani va xavfsiz bir joyda saqlanayotganini da’vo qilayapti. Uning taqdirini kelasi ikki kun ichida hal qilamiz, deydi ular.

Somali boshqaruvi ishdan chiqqan davlatlar sirasiga kiradi. Fransuz maxsus kuchlari janubdagi Bula Marer shahriga tunda vertolyotlar bilan hujum qilib, jangarilarning kuchli qarshiligiga uchragan.

Qariyb bir soat davom etgan otishmada 17 jangari yo’q qilindi, deydi harbiylar. Ikki fransuz aksari ham nobud bo’lgan.

Fransiya hukumati razvedka xodimi Deni Aleksni ozod etish uchun 3,5 yil davomida al-Shabab bilan muzokaralar olib borgan. Bu harakatlar samara bermagach, qutqaruv operatsiyasini o’tkazishga jazm qilgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG