Ikki amerikalik o'tgan hafta Gambiyada hukumatni ag'darish maqsadida amalga oshirilgan fintada ishtirok etganlikda ayblanmoqda.
AQSh Adliya vazirligi ma'lumotiga ko'ra, 57 yoshli Cherno Nijiye va 46 yoshli Papa Faal jinoyatga aloqadorlikda gumon qilinib hibsga olingan va bugun birinchi sud tinglovida qatnashadi.
Har ikki shaxsga Betaraflik to'g'risidagi AQSh qonunini buzganlik hamda noqonuniy qurol saqlaganlik aybi qo'yilgan.
Nijiye va Faal dekabrda hukumatni ag'darish niyati bilan Gambiyaga safar qilgan, deyiladi Adliya vazirligi tarqatgan ma'lumotda.
Ayblovga ko'ra, Faal va uning sheriklari jinoyatni amalga oshirish uchun bir necha qurol, jumladan, M4 yarim-avtomat o'qotarini sotib olib, to'ntarishda foydalanish uchun Gambiyaga jo'natgan.
Agar rejalari amalga oshib, amaldagi Prezident Yahya Jamme hokimiyatdan ag'darilganda, fitnachilar Nijiyeni vaqtli hukumat rahbari deb e'lon qilishga kelishib olgan.
Urinishlari muvaffaqiyatsiz yakunlangach, Nijiye va Faal Amerikaga qaytib kelgan.
Nijiye asli gambiyalik AQSh fuqarosi bo'lib, Texasning Ostin shahrida yashaydi. Faal esa ham Gambiya, ham Amerika fuqarosi. U Minnesota shtatining Bruklin Senter shahrida istiqomat qilib kelgan.