Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi Qirg’izistonda gaz transporti tizimiga sarmoyani oshirishga qaror qildi. Rejaga ko’ra, kelasi 15 yilda Qirg'izistonda gazifikatsiya ko'lami uch baravar oshadi. O’tgan yil “Gazprom” Qirg’izistonning ta'mirga muhtoj, qarzga botgan gaz tarmoqlarini bir dollarga sotib olgan edi. Energetika va umuman iqtisodiy taraqqiyot masalalarida Bishkek nega Rossiya bilan hamkorlikka urg’u bermoqda?
O’sh shahridagi “Luch lotosa” deb nomlangan nodavlat tashkilot boshlig’i va tadqiqotchi Bolush Saiyevning aytishicha, Qirg’iziston mustaqil ravishda gaz ta’minoti va umuman energetika sohasini oyoqqa turg'iza olmaydi. Va bu o’rinda Rossiya bilan tig’iz hamkorlik maqsadga muvofiq.
“Qolaversa, Boj Ittifoqi hamda Yevrosiyo Iqtisodiy ittifoqi doirasida ham Qirg’izistonda energetika sohasini yuksaltirish masalasida hamkorlik ko’zda tutiladi”, - deydi suhbatdosh.
Iqtisodchi olim Alisher Yusupov Rossiya bilan gaz ta’minoti sohasida hamkorlikning afzalliklarini urg’ulaydi.
“Gazprom” sarmoyalari Qirg’izistonda gaz ta’minotini qayta shakllantirish, ayni paytda qator ijtimoiy-madaniy loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi. Eng asosiysi aholi uchun tabiiy gaz keskin arzonladi. Aytaylik, Janubiy Qirg’izistonda ushbu yonilg’ining bir kubometri 13 so’m 78 tiyinga to’g’ri kelmoqda”, - deydi Alisher Yusupov.
Qirg’iziston parlamenti deputati Anvar Ortiqov fikricha, gaz ta’minoti masalasida o’lka uchun Rossiyadan o’zga variant yo’q. Rus tomoni ishonchli hamkor hisoblanib, narx-navoni tushirish, soha rivojiga yirik sarmoyalar kiritishni maqsad qilgan.
Hukumatga ko'ra, Qirg’iziston yaqin bir necha yil ichida energetika sohasida mistaqillikka erishishni rejalashtirmoqda. Xitoy yordamida Kemin-Datka elektr quvvati uzatgichi qurildi. Rossiya bilan hamkorlikda Yuqori Norin gidrostansiyalar kaskadini barpo etishga kirishildi.
Hozirda iqtisodiyotning turli sohalarida Qirg’iziston asosan Rossiya, Xitoy va Qozoq’iston kompaniyalari bilan hamkorlik qiladi. Ayni paytda mutaxassislar Markaziy Osiyo mamlakatlarining o’zaro iqtisodiy aloqalari taraqqiy etmaganini aytib keladi.
Iqtisodchi olim Alisher Yusupov nazarida, gaz ta’minoti masalalarida Qozog'iston, O’zbekiston, Turkmaniston Bishkekka bevosita ko’mak berishi mumkin edi. Ammo mintaqadagi gaz eksport qiluvchi mamlakatlar “Gazprom” chalik afzalliklar berish imkoniyatiga ega emas.
Deputat Anvar Ortiqov fikricha, chegara masalalari to’la yechilmagani mintaqa o’lkalari o’rtasida o’zaro munosabatlarni, jumladan, savdo-sotiq, iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish yo’lida to’siq bo’lmoqda.
"Gazprom" 3-fevral kuni shuni ma'lum qildiki, O'zbekiston va Turkmanistondan gaz xaridi hajmi bu yili 10 milliard kubometrga kamayadi. Rossiya o'z mahsulotini ko'proq ishlatishga o'tadi, deya bildirmoqda kompaniya rahbari muovini Aleksandr Medvedev.