Afg’onistonga qaytgan vitse-prezident Abdul Rashid Do’stum Tolibon bilan tinchlik muzokaralarini qo’llashi haqida bayonot qilgan. Bir yildan oshiqqa cho’zilgan muhojirlikdan so’ng Turkiyadan vataniga qaytgan general o’z faoliyatini Afg’oniston vitse-prezidenti lavozimida davom ettiradi.
Afg’onistondagi qudratli shaxslardan biri bo’lgan o’zbek generalining siyosatga qaytishi O’zbekiston tomoni toliblar bilan tinchlik muloqotini olg'a surayotgan bir paytga to’g’ri kelmoqda. Islom Karimov davrida Toshkentning Afg’onistondagi asosiy tayanch kuchi hisoblangan Do’stum yangi hokimiyatning ham afg’on siyosatida muhim dastaklaridan bo’lishi aytilmoqda.
Abdul Rashid Do’stum 22-iyul kuni Kobul aeroportida hukumat a’zolari, o’z tarafdorlaridan iborat guruh tomonidan tantanali kutib olingan.
Rasman uning bir yildan oshiqqa cho’zilgan Turkiya safari davolanish maqsadida deb taqdim etiladi, ammo Do'stumning Afg’onistondan chiqib ketishi mahalliy o’zbeklarning yana bir yetakchisi, Ahmad Ishchiga nisbatan ko’rsatilgan tazyiq ortidan boshlangan surishtiruvlar, siyosiy mojarolar bilan bog’liq edi.
General Do’stumning yashirin muzokaralar orqali Kobulga qaytarilishi, yana avvalgi mavqeiga tiklanishi asosan etnik o’zbeklarni xotirjamlashtirishga qaratilgan.
Do’stum Afg’onistonga kelishi ortidan qilgan bayonotida toliblar bilan muzokarani qo’llab-quvvatlashini bildirgan. Afg’on hukumati va Tolibon o’rtasida muloqot o’rnatish so’nggi paytda rasmiy Toshkentning Afg’oniston siyosatidagi ustuvor yo'nalishga aylandi.
Do'stumning qaytishi Toshkent tashabbusiga ustunlik berishi mumkin. U Karimov davrida Afg’oniston tahdidiga qarshi Toshkent suyangan asosiy ustunlardan biri edi, uning bu qudrati yangi hokimiyat uchun ham o’zgarmasligi aytilmoqda.
O’zbekistonda hokimiyat almashayotgan davrda Do’stum norasmiy safar bilan bir muddat mamlakatda bo’lgan, Samarqandda marhum Karimov qabrini ziyorat ham qilgan edi. General va Prezident Ashraf G’ani o’rtasida kuzatilgan ziddiyatlar ortidan amalga oshgan bu safar davomida Do’stumning Toshkentda rasmiylar bilan muzokara qilgani ochiqlanmagan edi. Keyinroq uning Turkiyaga chiqib ketgani ma’lum bo’ldi.
Sharhlovchi Kamoliddin Rabbimovga ko’ra, O'zbekiston Afg’onistondagi etnik o’zbeklar yetakchilari bilan munosabatini hamisha yashirin saqlab kelgan, yangi hukumat bu borada nisbiy o’zgarishlar qilish niyatida.
“O’zgarishlar bor, lekin buni cheklangan o’zgarishlar deyish mumkin. Karimov davrida Afg’onistondagi o’zbek liderlari bilan o’ta ehtiyotkorona, yashirin hamkorlik yo’lga qo’yilgan edi. Karimov Afg’oniston o’zbeklarini toliblar va O’zbekiston o’rtasidagi bufer zona sifatida ko’rardi. Bugungi yangi hokimiyat Afg’onistonda ko’p millionli o’zbek aholisi borligini tan olmoqda, yoshlariga O’zbekistonda o’qish imkoniyatini bermoqda. Afg’oniston bilan madaniy, iqtisodiy, siyosiy hamkorlikni tiklash, faqatgina o’zbeklarni ajratib olish emas, mamlakat bilan to’liq hamkorlikni yo’lga qo’yish tafakkuri mavjud”, - deydi sharhlovchi.
[O'zbekistondagi] Yangi hokimiyat Afg'onistondagi o’zbeklar bilan munosabatda ustunlikni faqat bir kishiga, general Do’stumga berish bilan cheklanib qolmasligi kerak.
Hozirda Toshkent-Kobul munosabatlarida sezilarlio’zgarishlar kuzatiladi. Iqtisodiy, siyosiy, xavfsizlik sohasidagi hamkorlik ham bir qadar ochiq ko’rinish olgan. Shu oy boshida O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshliq delegatsiya Afg’onistonda bo’ldi, prezident va bir qator rasmiylar bilan muzokaralar o’tkazib qaytdi.
Safar davomida Komilov Afg’onistondagi o’zbeklar jamoasi vakillari bilan uchrashgani haqida ma’lumotlar bor, ammo Toshkent bu haqda rasman biror ma’lumot taqdim etmadi.
“O’ylaymanki, yangi hokimiyat Afg'onistondagi o’zbeklar bilan munosabatda ustunlikni faqat bir kishiga, general Do’stumga berish bilan cheklanib qolmasligi kerak. Jamoatchilik fikriga ta’sir qiluvchi ko’plab shaxslar bilan ishlashi kerak, yangi liderlar izlashi kerak. Chunki, biz bilamiz, general Do’stumning resurslari borgan sari cheklanib boraveradi. Yangi avlod yetishmoqda, yangi shaxslar paydo bo’ladi. Bunday vaziyatda faqatgina Abdul Rashid Do’stumga suyanish to’g’ri bo’lmaydi”, - deydi Kamoliddin Rabbimov.
Do’stum shimoldagi o’zbeklar uchun uzoq yillardan beri asosiy yetakchi maqomida kelmoqda. Do’stum qaytishidan oldin o’zbeklar zich yashaydigan shimoliy viloyatlarda uning safdoshi Nizomiddin Qaysoriyni hibsdan ozod qilish, generalning o’zini mamlakatga qaytarish talab qilingan yirik namoyishlar bo’lib o’tdi.
Rabbimov fikricha, Do’stumning qaytishi avvalo Afg’onistondagi beqaror vaziyatni, jumladan o’zbeklar noroziligi bilan bog’liq muammolarni inobatga oladi.
“Uning qaytishi avvalo shimoldagi o’zbeklar noroziligi pasayishiga xizmat qiladi, ularning muammolarini yana Do’stum orqali kanallashtirish imkoniyati paydo bo’ladi, chunki uning chiqib ketishi va butunlay qaytmasligi shundoq ham beqaror bo’lgan Afg’onistondagi vaziyatni yanada beqarorlashtirishi mumkin edi. Demak, general Do’stumning yashirin muzokaralar orqali Kobulga qaytarilishi, yana avvalgi mavqeiga tiklanishi asosan etnik o’zbeklarni xotirjamlashtirishga qaratilgan”.
Abdul Rashid Do’stum mahalliy o’zbeklar yetakchilaridan biri Ahmad Ishchiga nisbatan zo’ravonlik qo’llashda ayblanishi, jinoiy ish ochilishi ortidan Afg’onistondan Turkiyaga chiqib ketgan edi.
Facebook Forum