Breaking News

Gruziya saylovdan so’ng Rossiya bilan bo’ladimi yoki G’arb bilan?


26-oktabr kuni Gruziyada parlament saylovlari o’tkaziladi. Hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi g’alaba qozonsa, respublikaning Rossiya bilan yaqinlashuvi davom etadi. Muxolifat g’alaba qozongudek bo’lsa, Gruziya G’arb quchog’iga qaytishi mumkin.

Xalqaro hayot - 21-oktabr, 2024-yil - Moldovada prezident saylovi va referendum o’tkazildi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:13:08 0:00

Milliarder tadbirkor Bidzina Ivanishvilining partiyasi tashviqotlarida tinchlikni targ’ib qilmoqda, muxolifat saylovda g’alaba qozonsa, Gruziyaning boshiga Ukrainaning kuni tushishi haqida ogohlantirmoqda, muxolifatni “global urush partiyasi” deb atamoqda.

“Ular muxolifat mamlakatni Rossiya bilan urushga tortadi deya da’vo qilarkan, uni G’arbning agenti deya ayblamoqda”, - deydi Iliya davlat universitetidan Giya Nodiya.

“Gruziya orzusi” bu bayonotga aniqlik kiritadi.

“Gruziya orzusi”ning birorta vakili G’arbni global urush partiyasiga to’laligicha mansub ekan deb aytmagan, ammo aytish joiz, G’arbdagi ayrim siyosatchilar, tadbirkorlar yoki boshqalar bo’layotgan urushlarni qo’llab-quvvatlashi, Gruziyani urushga tortishga harakat qilishi mumkin”, - deydi parlamentning tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Nikoloz Samxaradze.

Rossiya Gruziyadan ajralgan Janubiy Osetiya va Abxaziyani qo’llab-quvvatlab keladi. Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze o’sha paytdagi Prezident Mixail Saakashvilini 2008-yilda Janubiy Osetiyaga qarshi urush boshlaganlikda aybladi. Bo’lginchi respublikalarga yordam berish maqsadida Rossiya Gruziyaga qo’shin kiritadi.

26-oktabr saylovi mamlakatda ko’plar uchun kelajakni G’arb yoki Moskva bilan bog’lashni anglatadi.

“Qanday mamlakatda yashashimiz haqida tanlov bu. G’arb demokratiyani ifodalaydi, Rossiya esa avtoritarizmni”, - deydi Nodiya.

Ijtimoiy so’rov natijalari gruziyaliklarning 80 foizidan ortig’i mamlakatining Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lishini istashini ko’rsatadi. Tashkilot o’tgan yili Gruziyaga nomzod maqomini bergan.

Biroq aprel oyida Tbilisi xorijiy agent haqidagi qonunni qabul qilgani Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni sovuqlashtirdi, a’zolik bo’yicha muzokaralar muzlatildi. G’arb nazarida, ushbu qonun hukumatdan norozilarni ta’qib etishga qaratilgan Rossiya qonunidan ko’chirmadir.

Yevropa Ittifoqi ketidan AQSh ham gruzin rasmiylarini qora ro’yxatga qo’shdi, hukumatni Rossiya tomon og’ayotganlikda aybladi.

“Gruziya orzusi” ushbu ayblovni rad etarkan, mamlakat 2030-yilgacha Yevropa Ittifoqiga qo’shilishga ahd qilganini ta’kidlaydi.

“Bu masalalar vaqtinchadir. Yevropa Ittifoqi va AQSh bilan til topishamiz deb o’ylayman”, - deydi Samxaradze.

Muxolif partiyalar to’rtta koalitsiyaga birlashdi, ommaviy so’rov natijalari saylovda biror partiya yoki blok mutlaq g’alaba qozona olmasligini ko’rsatmoqda. Bu jamoatchilikning barcha siyosatchilardan ko’ngli qolganini ko’rsatadi.

“Ushbu ishonchsizlikka qaramay, hukumatni yangilash maqsadida murosaga kelish uchun argumentlar yetarli deb o’ylayman”, - deydi “Federalist” partiya a’zosi Giga Bokeriya.

Kuchayayotgan geosiyosiy ziddiyatlarning oldingi chizig’ida turgan Gruziyaning yaqin kelajakda qaysi yo’ldan borishini saylov natijasi belgilab beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG