Breaking News

Respublikachilar qurultoyi to'polon bilan boshlandi


Prezidentlik uchun respublikachilar nomzodi Donald Tramp rafiqasi bilan respublikachilar qurultoyida, 18-iyul, 2016-yil.
Prezidentlik uchun respublikachilar nomzodi Donald Tramp rafiqasi bilan respublikachilar qurultoyida, 18-iyul, 2016-yil.

Ogayo shtatining Klivlend shahrida 18-iyul kuni Respublikachilar partiyasining to'rt kunlik qurultoyi boshlandi. Anjumandan asosiy maqsad AQSh prezidentligi uchun partiyaning yagona nomzodini e'lon qilish. Ammo birinchi kunning o'zida Trampga qarshi delegatlar uning nomzodini yoqlamaslik uchun qoidalarga o'zgartirish kiritishga urindi. Ular ko'pchilik ovozini qo'lga kirita olmadi, ammo zalda shovqin-suron ko'tarib, anjumanning o'tishiga halaqit berishga urindi.

Bunaqasi respuplikachilar qurultoyida uzoq yillardan beri kuzatilmagan edi. Trampga qarshi yuzlab delegatlar musht o'qtalib, qichqirib, konvensiya qoidalariga o'zgartirish kiritishni talab qildi. Ularning maqsadi partiya saylovlarida g'olib chiqqan nomzodga ovoz berish majburiyatidan xalos bo'lib, boshqa xohlagan odamlarini tavsiya qila olish edi.

Tramp tarafdorlari ham bo'sh kelmadi. Ular "AQSh" va "Biz Trampni xohlaymiz" deb qichqirib turishdi.

"Hech qachon Tramp" harakatiga yetakchilik qilgan yutalik senator Mayk Li anjumandan hafsalasi pir bo'lganini yashirmadi.

"Bu partiya mahalliy faollarga bag'rini ochib, ularning ovozi hisobga olinishini ta'minlashi kerak. Aksincha, konvensiya qoidalarini belgilashda ularni ishtirok etishdan to'sishyapti", - dedi u.

Tramp tarafdorlari bu fikrga qo'shilmaydi.

"Qurultoy oxiriga borib partiya to'liq birlashadi. 100 foiz bo'lmasa ham, Tramp atrofida birlashadi", - dedi missurilik delegat Hardi Billington.

Donald Trampning rafiqasi Melania Tramp ham anjumanda nutq qildi.

G'azablanganlar

"Trampni to'xtat" harakati muvaffaqiyatsiz yakunlangan bo'lsa ham, qurultoy davomida nomzodga qarshi ramziy e'tirozlar davom etishi kutilyapti.

Vashington shtatidan kelgan delegat Erik Maynor delegatlarning yarmi qurultoyni tashlab chiqib ketsa yaxshi bo'lardi, deydi.

Respublikachilar milliy qo'mitasi kimga ovoz berishni delegatlarga majburiy qilib qo'ydi, deydi u. Bunaqasi o'tgan 140 yilda kuzatilmagan, deya norozi bo'ladi Maynor.

Vashingtonlik yana bir vakil Manet Meril ko'ziga yosh olib, qo'mita raisi e'tiborini tortish uchun hatto hushtak chaldi.

"Ovoz berish kerak bo'lgan joyda senga ovoz berishga imkon berishmasa, Amerikaning qayeriga borasan", - deya uning hafsalasi pir bo'ladi.

Texaslik delegatlar

"Soxta saylov"

Delegatlarning Trampga emas, boshqa istalgan nomzodga ovoz berishiga erishish imkoniyati boshidan past edi. Ayniqsa, buning tarafdorlari o'tgan hafta partiyaning qoidalar qo'mitasida kerakli 28 ovozni to'play olmagach, bu yanada qiyinlashdi.

Shundan so'ng Trampga qarshilar qurultoy boshlangan kuni anjumanning barcha qoidalarini qayta ko'rib chiqishni talab qilishdi.

Bu talab o'tishi uchun kamida sakkiz shtat delegatlari uni yoqlashi kerak edi. Trampga qarshi kuchlar 11 ta shtat ular tarafida ekanini bildirdi.

Ammo so'nggi daqiqada arkanzaslik qonunchi Stiv Vomak faqat to'qqizta shtat rozi bo'lganini, lekin ularning uchtasi oxirida ovoz berishda ishtirok etmasligini ma'lum qilganini bildirdi. Shu tariqa konvensiya qoidalarini o'zgartirish masalasi ovozdan o'tmadi.

Shundan so'ng "Mustaqil delegatlar" tashkiloti telefon orqali a'zolariga "Bu soxta saylov. Zaldan chiqib keting" deb yozilgan maktub jo'natdi.​
Klivlendda Trampga qarshi namoyishlar

To'polonlar

Trampga qarshi kuchlar delegatlar qarorini o'zgartira olmagan bo'lsa ham, ular partiya qurultoyida misli ko'rilmagan to'polon va bahs-munozaralarni keltirib chiqardi. Ammo partiya yetakchilari bundan ko'z yummoqda.

"Qanaqa to'polon? Men hech qanaqa to'polonni ko'rmadim, - deydi partiyaning qoidalar qo'mitasi raislaridan biri Ron Kaufman. - Bu tabiiy hol. Odamlar o'z qarashlarini ifodalashyapti".

"Menimcha, ular xato qilishdi, - deydi missurilik Billington. - Agar biz hozir birlashmasak, noyabrda yutqazamiz".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG