Breaking News

Pokistonlik muhojirlar Yevropa va Turkiyadan chiqarib yuborilishi mumkin


Gretsiyadagi pokistonlik muhojirlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:30 0:00

Gretsiyada turib qolgan o'n minglab qochoqlar orasida, ayniqsa pokistonlik muhojirlarga qiyin bo'lishi kutilyapti. Chunki ularning Yevropadan boshpana so'rab qilgan murojaatlari rad qilinishi ehtimoli yuqori. Ayrimlari hujjatlari yo'qligi bois vatanlariga ham qayta olmasligi mumkin.

Ko'ngillilardan iborat yordam tashkiloti Lesbos oroliga kelgan minglab muhojirlarga joy hozirlamoqda. Ammo tez kunda bu yordam ham to'xtaydi.

Yevropa va Turkiya o'rtasida kelishilgan yangi bitimga ko'ra, bundan buyon barcha qochoqlar Turkiyadagi maxsus hududlarga qaytariladi.

Bu yerda qolgan oxirgi muhojirlarning aksariyati pokistonliklar, chunki ularning Yevropaga qabul qilinishi ehtimoli juda past.

"Gretsiya hukumati bizga boshpana bersa yaxshi bo'lardi. Shu yerda qonuniy yashardik. Bu yerda noqonuniy turishni xohlamaymiz. Gretsya hukumati bizga rahm-shafqat ko'rsatishini umid qilamiz. Chunki dengiz safarida biz hayotimizni xavf ostiga qo'ydik", - deydi pokistonlik muhojirlardan biri Tavakkal Husayn.

So'nggi kunlarda ko'ngillilar 20-martgacha kelgan qochoqlarni ro'yxatga olish bilan band. Bu kundan keyin kelganlar, qaysi davlat fuqarosi bo'lishidan qat'i nazar, Turkiyaga qaytariladi.

"Biz Turkiyaga borishni xohlamaymiz. Gretsiyada qolishni istaymiz", - deydi Husayn.

Bunday iltijolardan naf bo'lishi qiyin. Yaqinda 150 pokistonlik va bangladeshlik migrant hujjatlarini ko'rib chiqish uchun Gretsiyadagi asosiy muhojirlar markaziga olib ketildi.

Qochoqlar kelajakdan xavotirda. Ularning Gretsiyada qolishiga ruxsat beriladimi yoki Turkiyaga deportatsiya qilinadimi?

Ko'ngilli shifokorlarga ko'ra, ruhiy iztirobdan sog'lig'ini yo'qotayotganlar ham bor.

"Ular tushkunlikda, juda qiyin ahvolda. Ularni sabr qilishga, sog'liqlarini saqlashga undash juda mushkul. Ayniqsa, bu yerda vaqtincha yashab turgan odamlarni", - deydi shifokor Mishel Telaro.

Lesbosda qolgan muhojirlarning deyarli barchasi Gretsiyaning asosiy hududiga olib ketilmoqda. Hujjatlari ko'rib chiqilguncha, ular shu yerdagi markazda saqlanadi.

Agar ularga qochoq maqomi berilmasa, vatanlariga qaytarilishi mumkin. Ammo Pokiston hujjatsiz fuqarolarini qabul qilishdan bosh tortmoqda.

Ayrimlar uchun vatanga qaytish yana bir uzoq va mashaqqatli safar degani.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG