2016-yilgi saylov mavsumida siyosiy g'irromlik va xakerlar hujumlari haqida ko'p gap-so'z bo'ldi. Ovoz berish kuni yaqinlashar ekan, saylovning adolatli va hujumlardan xoli o'tishini shubha ostiga olayotganlar bor.
Michigan universiteti talabasi Met Bernhard oddiy ruchka bilan ovoz berish mashinasining qulfini buzdi.
Bunday mashinalar 20 dan ortiq shtatda ishlatiladi.
Qulfni ochib, ichidagi ovozlar jamlangan xotira kartasini qo'lga kiritish mumkin.
"Ovoz berish budkasiga kelib, xotira kartasini olishingiz va o'rniga o'zingiznikini qo'yib, virus yuqtirishingiz mumkin", - deydi u.
"Faqat bu emas. Biz ovoz berish mashinasi uchun virus yaratishga muvaffaq bo'ldik. U biridan ikkinchisiga o'tadi. Shu yo'l bilan butun okrug yoki shtatni tahdid ostiga qo'yish mumkin", - deydi tadqiqotchi Aleks Holdermen.
Holdermen komputer fanlari professori. U 10 yildan ziyod ovoz berish mashinalarini o'rganadi.
"Saylov tizimlarini o'rganishni boshlaganimda kimdir tizimni buzishi mumkinligi akademik savol edi. O'tgan 10 yil davomida davlatlar darajasidagi hujumlar buni real voqelikka aylantirdi", - deydi u.
Saylovga ta'sir qilish uchun ovozlarni o'g'irlash shart emas.
"2014-yil Ukrainada Rossiyaga aloqador xakerlar markaziy ovozlarni sanash tizimini buzib kirib, natijani noto'g'ri ko'rsatadigan qilib o'zgartirib qo'yishgan edi. Bizda ham shunday tahdid bor", - deydi Holdermen.
Yoki odamlarni ovoz berishdan to'sish uchun saylovchilar ro'yxatini buzishlari mumkin.
Terri Burton Ogayoning Vud okrugida saylov komissiyasi rahbari. U saylovning silliq o'tishini nazorat qiladi.
Har ehtimolga qarshi, ovozlarning qog'oz nusxasi ham saqlab qo'yiladi.
"Qog'ozga qarab, xotira kartasi va undagi elektron ma'lumotning to'g'riligini aniqlash mumkin", - deydi Burton.
Ammo, odatda, saylovchilar qog'ozlarga e'tibor bermaydi. Mamlakatning chorak qismi ovoz beradigan mashinalar esa qog'oz nusxalarini chiqarmaydi.
Ayni paytda mamlakatdagi turli xil mashinalarning barchasini buzish juda qiyin. Shu bois, deydi kuzatuvchilar, hujumlar ta'siri kichik miqdorda bo'ladi.
"Kimdir saylov kuni halaqit berishga urinadimi? Ha. Ular mening ish kunimni uzunroq qilishi mumkin, lekin ro'yxatdan o'tgan saylovchilarning to'g'ri ovoz berishlarini ta'minlay olamiz", - deydi Burton.
Ogayo kabi kim yutishi noma'lum shtatlarda esa kichik muammoning ham oqibatlari jiddiy bo'lishi mumkin.