Breaking News

Shifokorlar: Bolani sunnat qilish foydali


AQShda o’g’il bolalarni xatna qildirish amaliyoti keng tarqalgan. Ammo so’nggi yillarda ko’plab ota-onalar va ayrim tibbiy sug’urta kompaniyalari bu amaliyotni bola uchun keraksiz deb hisoblamoqda. Yaqinda bir guruh shifokorlar o’tkazgan tadqiqot natijasiga ko’ra, o’g’il bolalarni sunnat qildirishning ehtimoliy zararlaridan ko’ra, foydali tomonlari ko’p.

Xatna - sog'liq uchun foyda, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:36 0:00
Yuklab oling


Afrikada xatna qildirish SPIDga qarshi kurashning samarali usuli hisoblanadi. Chunki ilmiy tadqiqotlarning ko’rsatishicha, bunday tibbiy amaliyotdan o’tgan erkaklarda va ular bilan bo’lgan ayollarda SPID va boshqa jinsiy kasalliklarga chalinish xavfi ancha kam bo’ladi.

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, sahro Afrikasidagi barcha erkaklarni xatna qildirish 20 yil ichida SPIDga chalinuvchilar sonini olti millionga kamaytirib, o’limlar sonini uch millionga qisqartiradi.

Doktor Aron Tobin Jon Xopkins universitetida sunnat qildirishning iqtisodiy va sog’liqqa oid foydalarini o’rganadi.

“Tibbiy tajribaning oltin qoidasi bo’yicha o’tkazilgan tasodifiy uch tekshiruv natijasi shuni ko’rsatyaptiki, xatna SPID va olat saratoniga olib boruvchi viruslarga chalinish ehtimolini kamaytiradi”, - deydi doktor.

Yahudiylar sig’inuvchi iudaizmda erkaklarni xatna qildirish majburiy. Musulmonlar uchun esa bu sunnat. Boshqa ayrim madaniyatlarda xatna balog’atga yetish belgisi hisoblanadi.

Ko’plab amerikaliklar xatnani keraksiz amaliyot deb hisoblaydi. Ayrim tibbiy sug’urta kompaniyalari unga sarflangan xarajatlarni qoplamaydi. Doktor Duglas Dikemaning aytishicha, xatna qildirish, aslida, xarajatlarni kamaytiradi.

“Guruhimiz shunday xulosaga keldiki, amaliyotning iqtisodiy foydasi ko’p. Dastlab xatna uchun pul sarflansa ham, kelajakda jinsiy kasalliklarga chalinish ehtimolini kamaytirgani uchun iqtisodiy jihatdan foydali”, - deydi tadqiqotchi.

Shifokorlar guruhi xatna qildirishni majburiy amaliyotga aylantirishni tavsiya qilmasa ham, ularga ko’ra, sug’urta kompaniyalari u bilan bog’liq xarajatlarni qoplashi kerak.

“So’nggi 20 yilda Amerikada xatna qildiruvchilar soni 79 foizdan 55 foizga tushdi. Natijada jinsiy sog’liqqa oid tibbiy xarajatlar miqdori ikki milliard dollarga oshishi kutilmoqda ”, - deydi doktor Tobin.

Shifokorlarning ta’kidlashicha, xatnaning sog’liq uchun salbiy oqibatlari deyarli yo’q. Qancha erta qilinsa, shuncha yaxshi, deydi ular.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG