Breaking News

Amerikada o'z joniga qasd qilish holatlari ko'paygan


Qo’shma Shtatlarda o’z joniga qasd qilish holatlari ko’paymoqda. Hukumat chiqargan yangi ma’lumotlarga ko’ra, 2016-yilda 45 ming kishi o’zini o’ldirgan. Amerikada oxirgi 30 yildan beri 15 va 34 yosh oralig’idagi yoshlar orasida xudkushlik sur’ati o’sib borayotgani kuzatiladi.

Shuhrat va boylik baxt olib keladi degani emas. Yaqinda mashhur dizayner Keyt Speyd va taniqli oshpaz Entoni Bordeynning o’z joniga qasd qilishlari shuni ko’rsatdiki, ommaga muvaffaqiyatli ko’ringan shaxslarning ichida nima kechayapti, bilmaymiz.

“Hayot mazmuni nima? Yashashga arziydimi? O’zimni o’ldirib qo’ya qolaymi? Bu kabi savollar ko’pchilikning xayolidan o’tadi. Mashhur odamlar bu ishni qilsa, o’y-xayollar voqelikka aylanadi”, - deydi professor Jeyms Griffit.

Dizayner Keyt Speyd and oshpaz Entoni Bordeyn
Dizayner Keyt Speyd and oshpaz Entoni Bordeyn

Bundanda yomoni, deydi ekspertlar, xudkushlik yuqumli ekanidir. Elga tanilgan odamlar o’zini o’ldirishi ketidan ularga taqlid qilish hollari ko’payadi. Buni Verter sindromi deyishadi. 18-asrda Volfgang Gyote yozgan kitobda undagi bosh qahramon Verter o’z joniga qasd qiladi. Asarning o’nlab muxlislari ham o’shanda o’zini o’ldirgan.

2014-yilda amerikalik aktyor Robin Vilyams o’zini osganidan keyin ham o’xshash holat kuzatilgan. Speyd va Bordeynning o’limi ketidan ishonch telefonlariga murojaatlar 65 foizga oshgan.

“Izlanishlarimiz xulosasi shuki, o’zini o’ldirish usuli axborot vositalarida yoritilsa, to’rt oydan keyin xuddi shu usul bilan o’z joniga qasd qilishlar ko’payadi. Usul haqida batafsil ma’lumot bermagan ma’qul”, - deydi tarixchi va tadqiqotchi Jenifer Maykl Xekt.

Lea Xarris yetti yoshga kirganida suiqasd haqidagi hissiyotlarga berilganini eslaydi. Birovga taqlid qilmagan. Ayol bir necha bor o’zini o’ldirishga harakat qilgan, unga antidepressant dorilar yozishgan. Dori, deydi u, doim ham yordam bermaydi.

“O’z hayotiga nuqta qo’yganlarning ko’pi - dori ichib yoki muolaja olib yurgan odamlar. Dori-darmon masalasi bu jamiyatda juda ziddiyatli. O’zim bolaligimda va o’smirlik davrimda antidepressantlarni ko’p qabul qilganman. Ular, aksincha, salbiy hissiyotlarimni yanada kuchaytirgan”, - deydi Xarris.

AQShda har olti odamdan biri antidepressant ichadi. Kasalliklarni nazorat qilish markaziga ko’ra, xudkushlik holatlarining atigi yarmiga depressiya va ruhiy xastalik sababchi. Boshqa sabablar -moliyaviy qiyinchilik, narkotiklar va buzilgan munosabatlar.

“Preventiv choralarga e’tibor yetarli emas. Asosan ruhiy kasallik tashxisi qo’yilgan odamlar bilan cheklanib qolayapmiz. Vaholanki, tadqiqotlar ko’rsatib turibdi, suiqasd holatlarining yarmi ruhiy xastalik bilan bog’liq emas”, - deydi Xarris.

Mutaxassislarning aytishicha, ahvol yaxshilanayotgani yo’q. O’z joniga qasd qilish AQShda o’lim holatlarining 10- eng keng tarqalgan sababiga aylangan. Bu muammo shuhrat va boylikka erishganlarni ham chetlab o’tmayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG