Breaking News

Gollivudda jinsiy bosim azaldan kuchli


Diskriminatsiya, ayollarga buyum sifatida qarash Gollivud dunyosida yangilik emas. Kino sanoatida qudratga ega erkaklar jinsiy axloqsizligi bilan ham tanilgan. Ularning ayollarga munosabati kartinalar va ijrolarda ham aks etgan. Jinsiy tengsizlik haqida munozaralar avj olarkan, hozirgi tomoshabinda Gollivud filmlari mazmuni, ulardagi erkak va ayol obrazlari tasviri haqida turli fikrlar paydo bo’lgan.

1945-yilda AQSh zangori ekranlariga chiqqan multiplikatsion film “Pepe Le Pew” (Pepe Li Pu) ishqiy syujeti bilan tez tanilgan. Undagi bosh qahramon Pepe ma’shuqasi Penelupeni doimiy ta’qib qiladi, quvib yuradi. Uning shilqimligidan bezor bo’lgan Penelupe hadiksirab, qo’rqib qochishdan nariga o’tolmaydi. Deyarli barcha syujetlarda faqat erkak mushuk, Pepe gapiradi, Penelupe ovozsiz tasvirlangan. Hozir bu multiplikatsion filmga ayollarga munosabat darajasi aks etgan syujet deb qarashyapti.

“O’sha davrdayoq ayollarga jinsiy ko’z bilan qaralgani seziladi. Zo’ravonlik, ta’qib uchun nishon, ojiza, ehtiros qurboni sifatida tasvirlanganiga misol bu”, - deydi Jorj Meyson universiteti professori Liza Kok.

Gollivud 1939-yilda ishlagan “Shamollarda qolgan hislarim” ( Gone with the Wind) dramasidagi ishqiy sarguzashtlarga ham hozirgi tomoshabin oiladagi zo’ravonlik deb qaraydi. Filmdagi ikki asosiy qahramon, Rut Batler va uning rafiqasi Skarletning chigal munosabatlarida Batler qo’rsligi, beqaror, kutilmagan xatti-harakatlari orqali xotinining his-tuyg’ularini masxara qilishi, takabburligi bilan eslanadi. Liza Kokning aytishicha, bunday badiiy qahramonlar orqali erkaklar o’z hukmronligini madaniyat yo’li bilan singdirishga uringan.

“Gollivud o’zi erkaklar hukmron bo’lgan olam. Ularning ayollarga asl munosabati kartinalarda ham aks etadi. Kadr ortidagi qancha ayollar taqdiri, ularga erkaklarning munosabati haqida gapirmasa ham bo’ladi”, - deydi u.

Ssenariy va kartinalardagi jinsiy diskriminatsiya, zo’ravonlik sahna ortidagi hayotda ham mavjud. Rejissyor, prodyuserlar, umuman, Gollivudda amali bo’lgan erkaklar uchun bunday ishlar oddiy hol bo’lgan.

“Parijdagi so’nggi tango” kartinasi eng ko’p tortushuvlarga sabab bo’lgan filmlardan. Undagi zo’rlash sahnasi aslida ssenariyda bo’lmagan. Aktrisalar bilan tuzilgan kontraktda bo’lmasa ham, Bertaluchchi va Marlon Brando talabi bilan bu sahna ijro etilgan. Keyinchalik bu roldagi aktrisa psixologik travma ham olgani haqida o’qigansiz”, - deydi Jorj Meyson universitetidan filmlar tadqiqotchisi Jovanna Chesler.

Amerikalik aktrisa Tippi Xendren 2016-yilgi avtobiografiyasida prodyuser Alfred Xitchkok bilan faoliyati davomida jinsiy tegajoqlik va psixologik travmaga yo’liqqani haqida yozgan. Uning aytishicha, qarshilik ko’rsatganda prodyuser uning karyerasini barbod qilishi haqida qo’rqitgan. Tadqiqotchi Chesler bu holatni Gollivud olamida keng tarqalgan va vahshiylarcha qo’llanilayotgan shantaj deydi.

“Masalan, taniqli prodyuser Xarvi Vaynststayn “Oskar” oladigan filmlar ijodkori edi. Aktrisalarni “Oskar”ga loyiq rollarga tayyorlashni yaxshi bilgan. Uning domiga tushgan aktrisalar bora-bora ma’lum mavqega erishgach, jinsiy zo’ravonlik domidan chiqishga umid qilgan bo’lishi ham mumkin. Qanchalar qabih odamlar bilan ishlashga to’g’ri kelgan”, - deydi Chesler.

Professor Liza Kok Gollivuddagi jinsiy nomutanosiblikka barham berilmoqda, bunga davr yoshlarining o’zgacha yo’ldan yurayotgani sabab, deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG