Gonkong rasmiylari katta tortishuvlarga sabab bo’layotgan ekstraditsiya to’g’risidagi qonun loyihasidan voz kechishi mumkin edi, lekin xalq bunga yo’l qo'yadigan emas.
Uzoq yillar Britaniya hukmida bo’lgan yarimorol 1997-yilda maxsus ma’muriy hudud sifatida Xitoyga qaytarilgan. Gonkong 2047-yilgacha siyosiy va iqtisodiy boshqaruvida mustaqil bo’ladi. Butunlay Xitoy tarkibiga o’tgancha deyarli yana 30 yil bor. Gonkongliklarning ko’pchiligi Pekin ta’siri ostida ekaninidan norozi.
Xitoy sud tizimiga hayotimizni ishonmaymiz, deya namoyishga chiqqan gonkongliklar jinoiy javobgarlikka tortilganlarni Xitoy sud qilishi haqidagi qonun loyihasidan qattiq norozi.
Namoyishga chiqqan ikki millionga yaqin odam Gonkong aholi sonining chorak qismidan ham ko’p.
Hukumat loyihani ko’rib chiqishni vaqtincha to’xtatgan bo’lsa-da, Gonkong kelajagi mavhum. Pekin ishni tezroq yopishni ko’zlarkan, ko’pchilik Gonkongni tashlab ketishdan o’zga chora yo’q deb o’ylayapti.
“Tengqurlarim ketib bo’lgan. Qirqni qoralab qolganlar ham qayerga ketsak ekan deb joy qidirib qolishgan”, - deydi bir namoyishchi.
“G’arb tomonlarga, demokratiya bor joylarga ketmoqchimiz”, - deydi bir talaba.
“Vatanimda yashashni istamay qolsamchi deb, uyalaman hatto”, - deydi bir namoyishchi.
“Avstraliya yoki Tayvanga boramiz. Xitoy hukmron bo’lmagan har qanday joyga ketaveramiz”, - deydi yana bir gonkonglik.
Xalqi vatanini tashlab ketsa, Gonkongning xalqaro moliyaviy markaz sifatida obro’siga putur yetishi mumkin.
“Gonkong Osiyo yuragi deb ko’rilishining sababi bir tomondan Xitoy bozorlariga eshik ochiq bo’lsa, ikkinchi tomondan Gonkong sizni obdon tekshiradi, chunki uning qonunchiligi Xitoydan mustaqil. Qonun ustuvor, xususiy mulk himoyasi kuchli. Xitoydagi korrupsiyaga bu yerda toqat qilinmaydi”, - deydi huquqshunos Kevin Yam.
“Amerika savdo palatasi, Britaniya savdo palatasi, qolaversa Yevropa savdo palatasi ham xavotirlarini bekitayotgani yo’q. Bir davlatda ikki sistemaning qo’llanishidan ular ham norozi”, - deydi amerikalik moliyachi Stiv Vickers.
Gonkong aholisi o’z mehnati bilan qurgan demokratik tizimni asrashga harakat qilib, ko’chada, norozilik namoyishlarida.
Facebook Forum