Inson huquqlari tashkilotlari Gonkongda politsiyachilar qurolsiz va qo'liga kishan solingan namoyishchini kaltaklaganidan g'azabda. Voqea tasvirlangan video mahalliy televideniyeda namoyish qilindi.
Undan ayon bo'lishicha, bugun hukumat idorasi atrofidan namoyishchilarni haydayotib huquq-tartibot xodimlari bir odamni ushlab to'rt daqiqa davomida do'pposlagan.
Rasmiylar voqea yuzasidan tergov boshlanganini aytmoqda.
Xalqaro Amnsitiya tashkiloti qurolsiz odamni ayovsiz urgan ofitserlar javobgarlikka tortilishi lozim, deydi.
Hibsdagi shaxs Ken Sang Kin Chiu hamon qamoqda va noqonuniy yig'inda qatnashish va politsiya ishiga halaqit berishda ayblanayapti.
Bugun Gonkongda yuzlab politsiyachilar ko'zni yoshlantiruvchi gaz va to'qmoqlar yordamida namoyishchilarni tarqatgan. Guvohlar odamlar do'pposlangan hollar haqida aytmoqda.
Politsiya 45 kishini ushlagan. To'rt ofitser jarohatlangan.
Aksariyati talabalardan iborat namoyishchilar yarim muxtor bu o'lka saylov tizimida islohotlar amalga oshirilishini talab qilib keladi. Ular shahar rahbarini iste'foga chiqishga undab, Xitoy hukumatidan hududdagi saylovlarga aralashmaslikni talab qilayapti. Rasmiy Pekin esa saylovlarda faqat oldindan tasdiqlangan nomzodlar qatnashishiga ruxsat bermoqchi.
Avvaliga talabalar bilan ko'rishib, muzokara qilishga rozilik bergan rahbar Leun Chun Ying keyin fikridan qaytib, lavozimidan ketishdan bosh tortayapti.