Breaking News

Tibbiyot: Mushaklarni qayta o'stiradigan terapiya


Kaltakesak uzilgan dumini qayta o’stira olsa, nega biz insonlar bunga qodir emasmiz? Olimlarning aytishicha, shunday zamonlar ham yetib keladi. AQSh laboratoriyalarida organlarni tiklash, xususan, mushaklar o’rnini to’ldirish ustida tadqiqotlar olib borilyapti.

Nikolas Klark endi sakray oladi. U chap oyog’idagi muskullarining katta qismidan ayrilgan edi.

“Muskullar bilan birga nerv tolalari, qon tomirlar, to’qimalar mayib bo’lgan. Harakatlanish juda qiyin edi”, - deydi u.

Innovatsion terapiya sharofati bilan mushaklar qayta o’sdi. Pittsburg Universitetida yo’lga qo’yilgan bu muolajada cho’chqa to’qimasi olinib, hayvon hujayralaridan tozalanadi. Qolgan qismiga ekstraselyulyar matriks deb nom berishgan.

“Bu matritsa signalli molekulalarga to’la, ular organizmda ko’p narsani boshqaradi. Masalan, to’qimalar tiklanishi yoki jarohatdan keyingi jarayonlar ana shu molekulalarga bog’liq”, - deydi doktor Stiven Badilak.

Jarohat yoki kasallik tufayli mushaklar shikastlanganda ildiz hujayralar ham o’ladi. Ularning qayta tiklanmasligi shundan. Cho’chqa to’qimasi bilan bu jarayonni qayta yo’lga qo’yish mumkin. U hayvondan olingani ahamiyatsiz.

“Ekstraselyulyar matrisaning tarkibi yoki molekulalari regenerativ jarayonda shu qadar muhim o’rin egallaydiki, ularning bu xususiyati evolyutsiya davomida saqlanib qolgan. Insonlar molekulasi to’ng’iz, kalamush va ehtimol dinozavrnikidan ham unchalik farq qilmaydi”, - deydi olim.

Hayvon to’qimasining afzal bir jihati shundaki, u odamlarga xos kasalliklarni o’ziga yo’latmaydi.

Matriks muolajasi saraton yoki boshqa bir jarohat tufayli qizilo’ngachi olib tashlangan bemorlarni davolashda ayniqsa qo’l keladi.

"Qizilo’ngachni rak hujayralaridan tozalab, ichki devorini hayvondan olingan to’qima bilan to’ldirasiz. Shunda bu organ sog’lom holatda qayta o’sishni boshlaydi. Shu paytgacha saraton qaytganini ham ko’rmadik”, - deydi doktor Badilak.

Bu usul boshqa o’xshash terapiyalarga qaraganda arzonroq. Kerakli matrisani turli hajm va shaklda, ho’l yoki quritilgan holda maxsus laboratoriyalardan buyurtirsa bo’ladi.

Olimlar o’z oldiga qo’ygan keyingi marra - xuddi shu tamoyil asosida butun bir organni, aytaylik, jigar yoki buyrakni qayta tiklashdir. Bu yo’nalishda ham natijalar yomon emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG