Breaking News

Xalqaro sud Netanyaxu va Gallantni hibsga olishni buyurdi


Xalqaro jinoiy sud prokuror Karim Xonning 20-mayda Isroil bosh vaziri va sobiq mudofaa vaziri hamda XAMAS rahbarini hibsga olish haqidagi iltimosini qondirdi.

Gaagada joylashgan sud Benyamin Netanyaxu, Yoav Gallant va Muhammad Dayfni hibsga olishni buyurdi.

Xalqaro jinoiy sudga a’zo mamlakatlar ushbu shaxslar bu mamlakatlar hududiga kirsa, ularni hibsga olib, sudga topshirishi kerak bo’ladi.

Isroil Gaaga sudi vakolatini tan olmasligini bildirgan.

Ushbu shaxslar G’azoda va Isroilda insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblanmoqda. Isroil Muhammad Dayfni havo hujumida o’ldirganini ma’lum qilgan, biroq XAMAS shu paytgacha buni tasdiqlagani yoki inkor etgani yo’q.

Sud Netanyaxu va Gallantni G’azoda ochlikni keltirib chiqarganlikda va falastinliklarni ta’qib etganlikda ayblayapti.

Isroil hukumati sud qarorini qoraladi, tashqi bosimga yon bermasligini, urush Isroil ko’zlangan maqsadlariga erishmaguncha davom etishini bildirdi.

Isroilning ultra-millatchi Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben Gvir uni antisemitizm deb atadi. Sobiq bosh vazir Naftali Bennet, muxolif yetakchilar Benni Gans va Yair Lapid ham sud qarorini sharmandali chora deb atadi.

Bu orada Isroil G’azoni o’qqa tutishda davom etmoqda. Payshanba kuni bir uyga hujumda G’azo shahrida 22 falastinlik o’lgan. O’tgan yil oktabridan beri sektorda qurbonlar soni 44 mingdan oshgan.

XAMASning G’azodagi vaqtincha rahbari Xalil al-Hayya Isroil falastinliklarga qarshi urushni to’xtatmaguncha garovdagilar ozod etilmasligini takror qayd etdi.

"Bosqinchilik to’xtamasa, nega endi asirlarni qaytarishimiz kerak? Qanday qilib aqli raso odam urush davom etayotgan bir paytda qo’lidagi kuchli kartani boy beradi”, - deydi u.

“Hizbulloh” bilan muzokara davom etayotgan bir paytda XAMAS bilan otashkesim bo’yicha muloqot to’xtab qoldi.

Al-Hayya bunda Isroil rahbarini, Netanyaxu esa XAMASni ayblayapti.

XAMAS G’azo Sektorini unga raqib va Prezident Mahmud Abbos boshchiligidagi FATH harakati boshqarishi uchun ma’muriy qo’mita tuzish haqidagi Misr taklifini olqishlagan. Isroil anklav boshqaruviga na XAMAS, na Abbos aralashishini istaydi.

Isroil Livanni ham o'qqa tutyapti.

AQSh Prezidenti Jo Baydenning Yaqin Sharqdagi vakili Amos Xoxshteyn “Hizbulloh” bilan muzokaralar harakatning Isroil bilan urushiga chek qo’yishiga umid bildirmoqda.

Xoxshteyn muzokaralarda olg’a siljish borligini ma’lum qildi.

"Yangi ma’muriyat bilan bu masalada ish olib boramiz va qilinayotgan ishlardan uni boxabar etamiz”, - dedi u Donald Trampning prezidentlikka qaytayotganini nazarda tutib.

“Hizbulloh”ning yangi rahbari Noim Qosim kelishuv haqida gapirishga hali erta, deydi.

“Bu muzokaralar otashkesim va bosqinni tez to’xtata oladimi? Hech kim bunga kafolat bera olmaydi. Bu Netanyaxuning jiddiyligiga bog’liq. Biz muzokaralarda ikkita shart qo’yapmiz. Bosqin batamom tugatilishi va Livan suvereniteti saqlab qolinishi kerak. Ya’ni Isroil xohlaganda kirib o’ldirishi kerak deganimas bu”, - deydi Qosim.

Bu o’rtada demokrat-senator Berni Sandersning Isroilga qurol savdosini to’xtatish haqidagi taklifi AQSh Senatida rad etildi.

“Amerika Qo’shma Shtatlari bu vahshiyliklarga sherikdir. Bu sheriklikka chek qoyish kerak”, - dedi qonunchi.

AQSh, shuningdek, BMT Xavfsizlik Kengashida Isroildan G’azodagi urushni darhol, shartsiz va doimiy tugatishni talab qiluvchi rezolyutsiya loyihasiga veto qo’ydi.

"XAMAS ushbu rezolyutsiyadan xavfli ma’no olgan bo’lardi. Ya’ni bu bilan muzokara stoliga qaytish shart emas degan ma’no. XAMAS xalqaro hamjamiyat 410 kundan beri garovda saqlanayotgan 100 dan ortiq odamning taqdiri haqida unutadi deb umid qilayotgan bo’lishi mumkin”, - deydi AQShning BMTdagi elchisi muovini Robert Vud.

Kengash a’zolari 10 ta mamlakat, jumladan AQShning Yaponiya, Janubiy Koreya, Sloveniya kabi ittifoqchilari muallifligidagi hujjatga veto qo’yilishini qoraladi.

Isroil otashkesim bo’yicha muzokara paytida ham “Hizbulloh”ga zarba berishda davom etishini bildirdi.

Amerikalik tahlilchilar “Hizbulloh” Eron tomonidan moliyalanayotganiga ishora qilarkan, otashkesim bo’yicha kelishuv Tehronda tasdiqlanishi kerakligiga urg’u beradi.

Bitim matni bilan tanish manbalarga ko’ra, Isroilga qo’shinlarini Livandan olib chiqish, “Hizbulloh”ga esa Isroil chegarasidan chekinish, Livan janubidagi bufer zonaga Livan armiyasi va BMT tinchlikparvar kuchlarini safarbar etish taklif etilgan.

Isroil-“Hizbulloh” ixtilofida Livanda 3544 ta odam, Isroilda esa 43 fuqaro va 73 ta askar o’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG