AQSh Isroilga G’azoda gumanitar vaziyatni yaxshilashga qo’ygan bir oylik muhlat tugadi, ammo Birlashgan Millatlar Tashkiloti ahvol yaxshilanmaganini qayd etmoqda. Qo’shma Shtatlar esa bu masalada olg’a siljish bo’lganini va Isroilga qurol uzatishda davom etishini bildirmoqda.
"Ayrim progressga guvohmiz. O’zgarishlar ko’proq bo’lishini xohlardik. AQSh aralashmasa, bu masalada umuman hech qanday o’zgarish bo’lmas edi degan fikrdamiz”, - deydi AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Vedant Patel.
So’nggi haftalarda G’azoga kuniga 30 tadan ko’proq yuk mashinasi kiritilmoqda. Biroq bu g’azoliklarning kundalik ehtiyojlarini olti foizga qoplaydi, xolos, deydi BMTning falastinlik qochqinlarga yordam beruvchi agentligi rahbari Filip Lazzarini.
Isroil G’azoning Dayral Balah shahridagi chodirlarga va Nuseyrat qochqinlar lageridagi uyga havo hujumlarida jami 14 ta odamni o’ldirgan.
Xon-Yunus shahridagi chodirlar ham hujumga uchragan, bir bolaning o’lgani ma’lum.
Livanda esa Isroilning chorshanba kungi zarbalarida Jun qishlog’ida 15 kishi nobud bo’lgan, sakkiz nafari jarohat olgan.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi ketidan Rossiyaga son-sanoqsiz sanksiyalar qo’yib, Prezident Putinni qotil deb atagan AQSh rahbari Jo Bayden seshanba kuni Oq uyda Isroil Prezidenti Isaak Gersogni qabul qildi.
"Isroilni qo’llab-quvvatlash niyatim metinday qattiq”, - dedi Bayden.
"Garovdagilarni uylariga qaytarishimiz kerak, buning uchun Tehronni, yovuzlik imperiyasini tartibga chaqirish kerak. U va uning proksilari barqarorlik, xavfsizlik va tinchlikni izdan chiqarishga zo’r beryapti, Isroil davlatini yo’q qilishga da’vat etyapti, yadro qurolini qo’lga kiritishga urinyapti”, - deydi Isroil prezidenti.
Gersog ikkinchi prezidentlik muddatiga saylangan Donald Trampni saylovdagi g’alabasi bilan tabriklab, uni Isroilning katta do’sti deb atadi, Gersog va Netanyaxu Tramp bilan gaplashganini aytdi.
"Prezident Tramp Isroilga muhabbatini qayta izhor etdi”, - dedi Gersog.
Ayrim kuzatuvchilar Tramp Eronga qattiqroq bosim qo’yishini taxmin qilmoqda.
Eron Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Fotima Muhojiranining aytishicha, islomiy respublika o’z manfaatlarini himoya qilishdan voz kechmaydi.
Bokudagi iqlim o’zgarishiga doir xalqaro anjumanda qatnashgan Eron vitse-prezidenti Shina Ansari dunyo hamjamiyatini Eronga qo’yilgan sanksiyalarni bekor qilishga chaqirdi.