Breaking News

Trampning prezidentligiga dunyo bo'ylab munosabat qanday?


Donald Tramp 20-yanvardan Amerika prezidenti sifatida ish boshladi. Poytaxt Vashingtonda minglab odam uning g'alabasini olqishlar yoki namoyishlar uyushtirar ekan, xalqaro hamjamiyat ham Qo'shma Shtatlardagi manzarani yaqindan kuzatib turibdi.

Amerikada prezident yangilangani xorijiy mamlakatlarda ham o'ziga xos ravishda nishonlandi. Moskvada, masalan, harbiy do'kon oynasida Trampning portretini ko'rasiz. AQSh fuqarolariga 50 foiz chegirma taklif etilmoqda.

"Rossiya va AQSh aloqalari ijobiylashadi deb umid qilamiz", deydi pensioner Lidiya Voronova. "Suriya bo'yicha kelishib olishsin, u mamlakatda tinchlik bo'lsin".

"Tramp AQSh tarixidagi boshqa rahbarlardan farq qiladi. Lekin xalq ishonchini qozonadi degan umiddaman", - deydi Sergey ismli jurnalist.

Donald Tramp inauguratsiya nutqida avvalo Amerika manfaatlarini himoya qilishga so'z berdi.

"Yillar davomida xorijiy sanoatlar bizning hisobimizga boyidi. Chet davlatlar armiyasiga pul ajratib, o'z harbiylarimizni ardoqlamadik. Boshqalarning chegarasini himoya qilib, o'zimiz bedarvoza qoldik", - deydi u.

Bu gaplardan qo'shni Meksikada ayrimlar xavotirda. "Proseso" nashri mojaro chiqishi mumkin, deya ogohlantirmoqda.

"Trampning bayonotlari agressiv, jamiyatni bo'lib qo'yishga qaratilgan. Aytayotgan gaplari doim ham haqiqatga to'g'ri kelmaydi", - deydi tahlilchi Xose Luis Lopez Agirre.

Meksikalik olima Maria Lopez Gutierrez fikricha esa Tramp tahdidi bo'rttirib ko'rsatilmoqda. Qo'shni davlatlarmiz, bir-birimizni tushunamiz. Masalalarni bosiqlik bilan va muloqot orqali hal qilish kerak, deydi u.

Nigeriyadan Muhammad Musa sobiq prezident Barak Obama uchun ibodat qilib, Donald Trampga ham boshqaruvida muvaffaqiyat tilaymiz, deydi.

"O'tgan bir yilda Trampning bayonotlari ko'p bahslarga sabab bo'ldi. Lekin umid qilamizki, u xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikka intiladi. Kambag'al mamlakatlarga ham yordam bersin", - deydi nigerlik Alhaji Bello Musa.

Vashingtonda o'tgan inauguratsiya tantanalarida minglab odam qatnashdi. Turli elat va millat vakillari.

"Juda mamnunman, chunki bizning mamlakatda bunday tadbirlar oddiy xalq ishtirokisiz o'tadi", - deydi kambodjalik muhojir Nem Chong.

"Amerikada yashayotgan buddist sifatida Trampga qarshiligim yo'q. Bu uni quvvatlatmayman degani emas, shunchaki inauguratsiyada qatnashganimdan xursandman", - deydi ruhoniy Sen Son.

Inauguratsiyadan bir kun o'tgach, poytaxt Vashington ko'chalari yuzlab ming odamlarga to'ldi. Trampga qarshi namoyishlar, shuningdek, Avstraliya, Britaniya, Germaniya, Yaponiya va Fransiyada bo'lib o'tdi.

Ayni damda yangi prezidentning xalq orasidagi reytingi 40 foiz atrofida. Bu 1970-yillardan buyon eng past ko'rsatkich.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG