Hindiston parlamenti korrupsiyaga qarshi yangi qonun qabul qildi. Fuqarolik jamiyati vakillari ikki yildan beri shunday qonunning qabul qilinishini talab qilayotgan edi. So’nggi saylovlarda mag’lubiyatga uchragan hukumat jamoatchilik fikriga nihoyat quloq tutdi, deydi kuzatuvchilar.
Lokpal hujjati deya atalayotgan yangi qonun poraxo’rlik kabi jinoyatlar bilan qo’lga tushgan rasmiylar va siyosatchilarni sudga tortish uchun mustaqil ombudsman yaratdi. Loyiha parlamentning har ikki palatasi tomonidan ma’qullangan.
So’nggi saylovlarda amaldagi Kongress partiyasining kutilgan ovozlarni to’play olmagani, qolaversa, korrupsiyaga qarshi kurash shiori ostida chiqqan yangi partiyaning muvaffaqiyatli ishtiroki hukumatni bu masalada tezkor chora ko’rishga undadi.Lokpal hujjati deya atalayotgan yangi qonun poraxo’rlik kabi jinoyatlar bilan qo’lga tushgan rasmiylar va siyosatchilarni sudga tortish uchun mustaqil ombudsman yaratdi. Loyiha parlamentning har ikki palatasi tomonidan ma’qullangan.
Muxolifatdagi asosiy partiya ham qonun uchun ovoz berdi.
Adliya vaziri Kapil Sibal qonunning qabul qilinishini “tarixiy hodisa” deb atadi.
“Bunday muhim masalada barchamiz yakdil turib, Hindiston xalqiga hamda fuqarolik jamiyati vakillariga ularni eshitayotganimiz va talablariga quloq tutayotganimizni bildirdik”, - deydi u.
Ikki yil muqaddam hukumat shartnomalarini qo’lga kiritish bo’yicha mavjud korrupsiya holatlariga qarshi keskin choralar qo’llanilishini talab etib mamlakat bo’ylab milliy harakat boshlangan edi. Hukumat ularning talabiga quloq tutib, qonun loyihasini tayyorlagan, ammo u 2011-yildan beri parlament tasdig’idan o’tmayotgan edi.
O’tgan asrning 60-yillaridan beri bir necha bor ana shunday qonun loyihalari taqdim etilgan, ammo ularning hech biri parlamentdan o’tmagan.
Ammo Lokpal hujjati ulardan farqli o’laroq prezident imzosini olishi bilan kuchga kiradi.
Korrupsiyaga qarshi olib borilgan milliy harakat yetakchisi Anna Hazare qonunning qabul qilinganidan nihoyat ko’ngli to’lganini aytadi.
“Bu davlat uchun muhim qadam. Parlament deputatlariga rahmat aytamiz”, - deydi u va Hindiston mustaqil bo’lganidan beri korrupsiyaga qarshi ilk bor jiddiy qonun qabul qilinganini aytadi.
Hukumatdagi Kongress partiyasi yetakchisi Rahul Gandi hali bu kabi ko’plab qonunlar qabul qilinadi, deydi.
“Korrupsiyaga qarshi keng qamrovli qonun zarur. Hukumat muammoni bartaraf etish uchun sakkizta markaziy qonundan iborat kuchli tizim ishlab chiqdi. Korrupsiyaga qarshi boshlagan kurashimizni oxiriga yetkazish - majburiyatimiz”, - deydi yetakchi hind siyosatdoni.
Korupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida ta’sis etilgan yangi Am Admi partiyasi hukumat ko’rgan choralarni yetarli emas deb hisoblaydi. Partiya yetakchisi Manish Sisodyaning aytishicha, qonunning amal doirasi tor.
“Lokpal hujjatida mahalliy boshqaruv, politsiya, davlat maktablari va kasalxonalari qamrab olinmagan. Bunday qonunning kimga keragi bor? - deydi u.
Vashingtonda joylashgan Global moliyaviy oshkoralik tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, oxirgi o’n yilda 344 miliard dollar Hindistondan noqonuniy yo’llar bilan tashqariga olib chiqib ketilgan. Bu davlat chetga eng ko’p pul oqimi chiqadigan davlatlar ro’yxatida Xitoy, Rossiya, Meksika va Malayziyadan so’ng 5-o’rinda turadi.