Breaking News

Pokiston Hindiston bilan belgilangan uchrashuvni bekor qildi


Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif (chapda) Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan. 15-iyul, 2015-yil, Ufa, Rossiya.
Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif (chapda) Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan. 15-iyul, 2015-yil, Ufa, Rossiya.

Pokiston va Hindiston o'rtasida milliy xavfsizlik maslahatchilari darajasida o'tkazilishi belgilangan uchrashuv bekor qilingan. Islomobod Dehlida o'tishi kutilgan yig'in bo'lmasligi haqida shanba kuni ma'lum qildi.

Hindiston uchrashuvda faqat terrorizm mavzusi muhokama qilinishini istagan. Pokiston esa Kashmirdagi bahsli hududlar yuzasidan ham gaplashishni talab qilgan.

Tomonlar bir-birini Rossiyaning Ufa shahrida o’tgan so’zlashuvni noto’g’ri tushunganlikda ayblamoqda. O’shanda Hindiston va Pokiston bosh vazirlari Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammiti doirasida uchrashib, ayrim masalalarni birgalikda muhokama qilishga kelishib olgan edi.

Ammo o’sha yig’in va unda qabul qilingan qo’shma bayonot xom rejalangan edi, deydi Pokistonda ishlagan hind diplomati va siyosatchisi Mani Shankar Ayer.

Kuzatuvchilar ikki mamlakat yetakchilarining Ufada uchrashishi oldindan belgilanmaganini aytmoqda. Ayrimlarga ko’ra, Rossiya va Xitoy ularni muzokara stoliga o’tirishga undagan. Boshqalar bunda AQShning ham qo’li borligini aytmoqda.

Dehlidagi Konflikt boshqaruvi instuti ijrochi direktori Ajay Sahni fikricha, Ufa uchrashuvi, shunchaki, tomosha uchun o'tkazilgan.

AQSh sobiq diplomati, ayni paytda Jons Xopkins universitetida Janubiy Osiyo tadqiqotlari dasturi rahbari Uolter Anderson ham tomonlar o’rtasidagi yig’in oldindan rejalanmaganini aytadi.

“Hech bir tomon Ufaga uchrashish rejasi bilan bormagan. Kutilmaganda shunaqa bo’lib qoldi”, - deydi u.

Mavzular bo’yicha Nyu-Dehli va Islomobod bir-birini yaxshi tushunmay turib qo’shma bayonot e’lon qilgani yaxshi bo’lmadi, deydi ekspertlar.

“Bunaqa bayonot chiqargandan ko’ra, hech qanday bayonot bo’lmagani yaxshi edi”, - deydi Pokistonning sobiq tashqi ishlar vaziri Xurshid Kusuri.

Kashmir muammosi

Kusuriga ko’ra, Pokistonning bayonotda Kashmirni tilga olmaslikka rozi bo’lishi “ahmoqona qaror” bo’lgan.

Ayni masala yuzasidan Bosh vazir Navoz Sharif Pokistonda jiddiy tanqid ostida. Tashqi ishlar vazirligining da’vo qilishicha, bayonotdagi “barcha hal qilinmagan masalalar” deganda Kashmir ham nazarda tutilgan.

Hindiston ma’muriyati esa buni diplomatik g’alaba sifatida taqdim etmoqda. Dehlining Pokistondagi sobiq vakili G. Partasarti deydiki, Pokiston bilan muloqotda “terrorizmga e’tibor berish” yuzasidan qo’shma bayonot tuzilgani juda yaxshi natija.

Panjobdagi politsiya idorasiga va Kashmirning Hindiston boshqaruvidagi hududida nazorat punktiga uyushtirilgan hujumlar muloqotning to’xtab qolishiga yana bir sabab sifatda ko’rsatilmoqda.

Hindiston rasmiylariga ko’ra, hujumga aloqadorlikda ayblanib hibsga olingan shaxslardan biri Pokistonda joylashgan “Lashkari Toyiba” terror guruhi azosi bo’lgan.

Bosh vazirlar bosim ostida

Hindistonda Bosh vazir Narendra Modi Pokistonga nisbatan yondashuvni keskinroq qilmayotgani uchun tanqidga uchramoqda. Pokiston tashqi siyosatini belgilashda muhim rol o’ynaydigan mamlakat harbiylari ham Navoz Sharifning Hindistonga yon bosganidan norozi.

Modining Bangladeshga tashrifi davomida bu o’lkaning Pokistondan ajrab chiqishida Hindiston ko’rsatgan yordamni ulug’lashi Pokistonni g’azabga soldi.

Modi, shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklariga qilgan safarida mintaqada terrorizmning kuchayishi sabablari ortida Pokiston turganiga shama qiluvchi fikrlarini bildirgan edi. Bu bahsli bayonotlar Ufadagi uchrashuv ortidan paydo bo’lgan tushunmovchiliklarga qo'shilib, Sharif hukumatini Dehlidagi muloqotni bekor qilishga undadi, deydi kuzatuvchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG