Breaking News

Tinchlik... Muhojirlikdan qaytayotgan afg'on bolalar uchun orzu


Shibirg'on shahri, Afg'oniston
Shibirg'on shahri, Afg'oniston

Bu yili Afg’onistonda 9,3 milllion odam insonparvarlik yordamiga muhtoj. 5,6 millioniga darhol madad ko’rsatish lozim. Buning uchun esa kamida 550 million dollar kerak. Afg’onlarning uchdan biri o’ta nochor va ilojsiz ahvolda, deydi BMT rasmiysi Yens Lerke. O’tgan yildagidan 13 foiz ko’proq.

Shibirg’on shahrida faoliyat yuritayotgan IPSO nohukumat tashkilotini Germaniya moliyalaydi. Ikki yil oldin asos solingan. Odamlarga asosan ruhiy yordam, maslahat berish bilan mashg’ul.

Ushbu idora bu gal muhojir va mahalliy bolalar o’rtasida rassomlik musobaqasini uyushtirdi. Hammaning xayoli va tasavvurida tinchlik.

“Biz tinchlik xohlaymiz. Har kim maktab, madrasa borsin, o’qisin”, - deydi Erkinbek ismli o’quvchi.

Afg'oniston bolalari
Afg'oniston bolalari

O’zini Muhammad Mustafo deb tanishtirgan bola Afg’oniston bayrog’ini chizdi. Vatanini sevadi.

“Vatanimiz Afg’oniston obod bo’lsin, jang bo’lmasin. Toliblar va DAISh... Jangda odamlar o’lib ketadi. Toliblar sulh qilsin”,- deydi Muhammad Mustafo.

Rassomchilik musobaqasida 20 bola ishtirok etdi.

“Maktabda uchinchi sinf o’quvchisiman. Kelajakka doktor bo’lib ota-onamga xizmat qilmoqchiman”,- deydi Nargiz ismli qiz.

IPSO rahbari Jon Muhammad Habibiyning ta’kidlashicha, maqsad – muhojirlikdan qaytgan bolalarni jamoaga qo’shish.

“Muhojir bolalar o’zlarini begona his qilmasin, orzularni rassomlik yo’li bilan bayon qilsin. Chetda qolib ketmasin, jamoadagi bolalar bilan aralashib ketsin degan maqsad bilan ushbu dasturni o’tkazdik”,- deydi Habibiy.

O’tgan 15 yilda davomida erishilgan yutuqlarga qaramay Afg’onistonda 3,5 million bola maktabga borish imkoniyatiga ega emas. 75 foizi qizlardir.

Boshpanasiz bolalar
Boshpanasiz bolalar

XS
SM
MD
LG