Eron chegarachilari o’tgan hafta o’nlab afg’on muhojirlarini chegaradan o’tishga qo’ymasdan, ularni qiynagani va suvga cho’ktirgani haqida xabarlar tarqalar ekan, Qo’shma Shtatlar voqeani “dashhatli” deya qoralamoqda.
“Afg’oniston hukumatini to’liq tekshiruv o’tkazib, aybdorlarni topishga va javobgarlikka tortishga undaymiz”, - dedi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo.
Afg’on rasmiylari va guvohlarga ko’ra, Hirot viloyatidan qariyb 60 erkak noqonuniy yo’llar bilan Eronga olib o’tilayotganda chegarachilar tomonidan ushlanib, Harirud daryosiga tashlangan.
Afg’oniston Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, Tehron qo’shma tergov o’tkazishga, nima bo’lganini aniqlashga rozi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Said Abbos Musaviy ayblovlarni rad etib, qurbonlarning oilalariga hamdardlik bildirgan.
“Bu voqea Afg’oniston zaminida sodir bo’lgan. Chegarachilarimiz bu bizning mamlakatimiz hududida ro’y berganini inkor etmoqda”, - deydi u.
Afg’oniston Tashqi ishlar vaziri Hanif Atmar voqeani “kechirib bo’lmaydigan jinoyat” deya qoralab, daryodan 16 jasad va yana 16 kishi tirik chiqarib olinganini ma’lum qildi.
Mahalliy “Tolo” telekanalining vazir so’zlariga tayanib xabar berishicha, 20 kishidan darak yo’q va suv ayrimlarni Turkmaniston tomon oqizib ketgan bo’lishi mumkin.
“Ular bizni trubalar bilan urib, “mamlakatimizga qaytib kelmanglar” deyishdi, birma-bir daryoga itarishdi”, - deydi tirik qolgan afg’onlardan biri.
Yana bir muhojir chegarachi uni yerga uloqtirib, boshidan tepgani va so’ng suvga tashlaganini aytib bergan.
Har hafta minglab afg’onlar ish topish ilinjida Eronga boradi. Ular, asosan, kontrabanda yo’li bilan yoki yuk mashinalarida olib o’tiladi.
Tehron bergan ma’lumotlarga ko’ra, mamlakatda qonuniy yashayotgan afg’onlar bir millionga yaqin. Hujjatsiz migrantlarni qo’shib hisoblaganda Eronda taxminan 2,5 million afg’on istiqomat qiladi.
BMTning bildirishicha, pandemiya tufayli 150 mingdan ziyod afg’on vataniga qaytgan. Ularning ko’pida koronavirus aniqlangan.
Facebook Forum